Ommaviy so‘rovnoma davom etmoqda. Tan olish kerak saundtrek uchun eng reytingi yuqori yulduzlar orasidan eng munosibini tanlab olish jarayoni shu paytga qadar hali bunchalik qizg‘in tus olmagandi. Yanada aniqrog‘i, bu jarayon yangilik bo‘ldi! Jahon andozalariga mos tarzda yaratilayotgan ilk o‘zbek filmi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Hollivud , Rossiya va o‘zbek kinosining eng yorqin kinoyulduzlari ishtirokidagi “Baron” uchun kuylanajak maxsus qo‘shiqqa alohida e’tibor qaratilishi esa maqsadga muvofiqdir. Shu boisdan rejissyor omma fikri bilan qiziqishni lozim topdi. So‘rovnomaning birinchi turida 6 ta mashhur yulduzdan eng sara to‘rttasi tanlab olindi. Keyin uchtasi. Nihoyat, finalda 2 ta eng mashhuri qoldi. Endi ulardan bittasini tanlash oson kechmaydi. Axir, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy “fan battl” boshlandi. Muxlislar o‘z kumirlarining g‘olib bo‘lishini istab, bir-biridan bo‘sh kelmayotir! Jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan rejissyor, Rustam Sa’dievdan fikr olishni muvofiq topdik. So‘z sizga! Janob Sa’diev!
-Jarayonni kuzatmoqdamiz. Biroq, xulosa qilishga hali erta. Yangi film yaratishdan oldin omma talab va itstagini birinchi o‘ringa qo‘yaman. “Baron” – katta bir ijodiy jamoa mehnatlari evaziga yaratilayotgan kartina. Shunday ekan, yakka o‘zim hech nimani hal qilmayman. Finalgacha yetib kelgan xonandalarga kelsak, har birining o‘ziga yarasha yo‘li va ijodi bor. Sodiq muxlislari bor. Ular yulduz darajasiga bejizga yetmaganligiga so‘rovnomani kuzatib, yana bir karra amin bo‘ldim. Rayhon bilan bir necha marotaba hamkorlik qilganman. Filmlarimning omma qalbiga kengroq va to‘g‘ri yetib borishida Rayhonning beqiyos xizmati bor. Shahzodaning qo‘shiqlarini sevib tinglayman. Biroq, u bilan na aktrisa sifatida, na xonanda sifatida hamkorlik qilmaganman. Xursandmanki, muxlislar juda faol. Ulardan qay biri yangi filmim uchun saundtrek kuylashidan qat’iy nazar, xalqimiz katta qiziqish va hurmat ila qarshi olishiga umid qilaman - deya ilk xulosasini bildirdi, rejissyor.
Demak, qat’iy fikrgacha hali bor. Kuzatishda davom etamiz!