Ronaldu o‘z jamoadoshlari bilan nima haqida garov bog‘ladi?
Avvalroq Madridning “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu joriy mavsumda o‘ziga “unchalik o‘xshamayotgani”, ya’ni portugaliyalik hujumchi avvalgidek sermahsullik ko‘rsata olmasdan, turli xil tanqidlarga uchragani, xatto jurnalist savoliga savol va kinoyali maslahat bilan javob berib uni karaxt ahvolga solib qo‘ygani haqida xabar bergan edik.
Endi esa “Real” klubi hujumchisi joriy mavsum oxirida Primeraning eng yaxshi to‘purari bo‘lishiga ishonmoqda. “Onda Cero” nashrining xabariga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi bu borada jamoadoshlari bilan garov bog‘lab ham qo‘ygan.
Demak, yaqindagina o‘ziga “unchalik o‘xshamayotgan” portugaliyalik futbolchi endi o‘z mahoratiga ishonmoqda.
Manbada yozilishicha, agar Krishtianu to‘purar bo‘la olsa garovdan yutgan pullarini xayriya fondlariga taqdim etadi.
Agarda “Real” klubi hujumchisi joriy mavsum oxiricha “bergan va’dasida” turmasa... Bu haqda esa lom-mim deyilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu La-ligada 7 marta maydonga tushib bitta gol muallifiga aylandi. To‘purarlar ro‘yxatida esa Lionel Messi (12 ta gol) yetakchilik qilmoqda.