Rayhon G‘aniyeva: “Mendan nafratlanuvchi barchaga ulkan baxt va muhabbat tilayman”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva bir necha oydan buyon “Milliy TV”telekanalida “Xit parad” ko‘rsatuvini olib borayotganidan ko‘pchilikning xabari bor. Xonanda shu buguncha gazeta va jurnallar, TV hamda radioga bergan intervyularida o‘zbek tilida gapirmas edi. Bungacha o‘zbek tilida gapirishga qiynalishi haqida bot-bot takrorlagan xonanda va nihoyat o‘zbek tilida ko‘rsatuv olib borishga harakat qilyapti. Biroq xonandaga otilayotgan toshlarning soni avvalgidan kamaymadi, aksincha, “Rayhon o‘zbek tilida umuman gapirmasin, ko‘rsatuv olib borishni kim qo‘yibdi unga...”, qabilidagi tanqidlar ortgandan ortmoqda.
Xonanda avvaliga bunday tanqidlarga parvo qilmaslikka harakat qildi. Ijtimoiy tarmoqlar unga qoldirilayotgan izohlarning aksariyatida Rayhonning kuzatuvchilari xonandaning efirga kiyib chiqayotgan libosi va talaffuzini qoralashyapti. Xonanda esa bularga quyidagicha javob qaytardi.
“Ba’zan salbiy ta’sirdagi izohlarni o‘qib hayratga tushaman. Shaxsan tanish bo‘lmagan insonga nisbatan shunchalik ham nafrat bo‘lishi mumkinmi? Nahotki bularning barchasi o‘zingizga qaytishini bilmaysiz? Ha-ha, menga emas, aynan o‘zingizga... Siz mendan faqatgina gunohlarimni olayapsiz. Buning uchun esa men sizlardan minnatdorman. Mendan nafratlanuvchi barchaga ulkan baxt va muhabbat tilayman. Balki shunda naqadar adashganingizni anglab yetarsiz. Chin dildan barchangizni sevaman va har biringizni hurmat qilaman”, deb yozadi G‘aniyeva.
Tanqid – kelajak mevasi. Biroq u meyoridan oshsachi. Bizningcha, Rayhonga biroz fursat va imkoniyat berish kerak. Har holda u o‘zbek tilini bilmayman, deb o‘tirgani yo‘q. Harakat qilyapti, o‘zini ko‘rsatishga urinyapti. Bunday vaziyatda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi san’atkor uchun eng katta dalda. Tanqidga esa fursat va sabab hamisha topiladi.