“Raqsga tush”... Ali otajonov barchani raqsga chorladi
Bugun “O‘zbegim taronasi” radiosida jarang sochgan navbatdagi tarona Otajonovlar sulolasining munosib izdoshi bo‘lmish Ali Otajonov ijodidan. Yoshlarbop va xazilomuz tarzda yaratilgan “Raqsga tush” nomli tarona tinglovchilarni raqsga chorladi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Mazkur qo‘shiqning so‘zi va musiqasi muallifi Yakzon. Yangi tarona uchun Malayziya shahrida videoklip ham suratga olingan bo‘lib, unga Durdona To‘laganova rejissyorlik qilgan.
Klip mavzusi esa bugungi kundagi yoshlarning eng qizziqqan va e’tiborini qaratgan instagram tarmog‘i haqida. Alining o‘zi ham mazkur internet tarmog‘ida faol ekani uning muxlislariga ma’lum. Aytgancha, klipda estradamizning eng yorqin vakillari, jumladan Munisa Rizayeva, qiziqchi Xalima, Dilshod Kattabekov, Mirzo teatri aktyorlari va yana bir qancha ishtrokchilarni ko‘rishimiz mumkin.
Kutilmagan va noan’anaviy tarzda yaratilgan videoklip yoshlarga manzur kelishi aniq.
Xonanda ijodidagi yangiliklardan yana biri, tez kunda uning ishtirokidagi yangi film “Ayriliq-2” katta ekranlarga chiqadi. Durdona To‘laganovaning navbatdagi kartinasi uchun Ali ikkita saundtrek ijro etgan bo‘lib, ulardan biri xonandaning avval kuylagan “Sevgi” nomli taronasi qayta aranjirovka qilingan bo‘lsa, ikkinchisi “Armonimsan” deb nomlanadi. Ijodkorning aytishicha, hali ekranlarga chiqmagan yana bir yangi “Dunyo” deb nomlangan film uchun ham saundtrek ijro etgan, ammo bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Bizni kuzatishda davom eting.