Ramazon Hayiti O‘zbekistonda qachon nishonlanishi aniq bo‘ldi
O‘zbekistonda, qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlarida Ramazon Hayiti bayrami qachon nishonlanishi ma’lum bo‘ldi.
Bugun, 10 iyun kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari diniy idoralari fatvo bo‘limi rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiylari, islomshunos va dinshunos olimlar, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari bir davraga to‘planib, Ramazon hayiti kunini belgilash bo‘yicha qaror qabul qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasidagi manbaning “Qalampir.uz”ga ma’lum qilishicha, yig‘ilishda astronom olimlarning oy to‘lishi bilan bog‘liq xulosalari o‘rganib chiqilib, bu muddat 29 kunni tashkil etayotgani tasdiqlangan.
Shularni inobatga olgan holda Ramazon oyi Hayiti Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasida 15 iyun kuni o‘tkazilishi yuzasidan ittifoqo kelishib oldilar.
Olimlar Ramazon hayitini 15 iyun kuni nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tavsiya qilishga qaror qildilar. Ayni damda davlat rahbari tomonidan qaror imzolanishi va Hayit 15 iyun, juma kuni nishonlanishi kutilmoqda.
Nurimon Abulhasan “Qalampir.uz” bilan suhbatda oy to‘lishi bilan bog‘liq bunday holatlarda Ramazon oyi 29 kun davom etishi, Hayit oy to‘lishiga qarab belgilanganda Ramazon oyi bir kunga farqlanishi hadislarda ham keltirilganini aytadi.