O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markaz imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan nogiron, ko‘zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan, muomila layoqatiga ega bo‘lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Markazga uzoq yillardan buyon, nafaqat san’at sohasida, balki imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar bilan ishlash tajribasiga ega O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva direktor etib tayinlandi, deya xabar qiladi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev o‘zining Feysbukdagi sahifasida.
Ra’no Shodiyev ilgari “So‘zlovchi qo‘llar” nomli eshitish imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashga mo‘ljallangan nodavlat notijorat tashkilotiga ham rahbarlik qilgan.
- Imkoniyati cheklangan bolalar onalarining sabri, iroda va matonati oldida bosh egaman. Nogiron bola dunyoga kelgan oilada, to‘g‘risi, onaga qiyin. Har daqiqasini umid bilan o‘tkazadigan onalarga haykal qo‘ysang arziydi. Yurtimizda ham ana shunday onalar uchun maktab tashkil etishni niyat qilgan edim, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan shunday taklif bilan chiqishganida bajonidil qabul qildim. Bu mening orzuim edi. Mazkur Markaz yurtimizdagi imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalarning eng sevimli tashkiloti bo‘lishiga, ularni jamiyatimizda munosib o‘rin egallashlari uchun bor bilim va ko‘nikmalarimni safarbar qilaman", - deydi Ra’no Shodiyeva.