Oxirgi kunlarda shov-shuvga aylangan yangilik – bu qurol to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plar bunga salbiy munosabat bildirdi: xuddi bu qonun chiqsa, birdaniga hamma ko‘chada to‘pponcha ko‘tarib yuradigandek. Aslida unday emas. Keling, biroz oydinlik kiritib olamiz.
Bu loyiha nima uchun kerak?
Qurol haqida ko‘plab normativ aktlar bor, lekin bu sohani nazorat qiladigan va tartibga soladigan birorta ham qonun yo‘q.
– Loyihada qurol turlari keltirilgan: fuqaroviy, jangovar va xizmat quroli. Xizmat qurolini faqat yuridik xodimlar olib yurishlari mumkin. Xizmat quroliga ega bo‘lishga haqli kimsalar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi aniqlaydi. Jangovar quroldan IIB, Mudofaa vazirligi, FVV kabi organlar foydalanadi.
Fuqaroviy qurolga kelsak, undan oddiy odamlar foydalanishi mumkin. Bu qurol ov, sport va kishi o‘zini himoya qilishi uchun mo‘ljallangan.
Fuqaroviy qurol haqida quyidagilarni bilishingiz kerak:
– Himoyaviy qurolga faqat gazli va elektr to‘pponchalar kiradi. O‘q otadigan va pnevmatik qurollar faqat kerakli lisenziyalar va ruxsat beruvchi qog‘ozlar orqali ovchilar va sportchilar uchun beriladi.
– Tig‘i 9 sm.dan uzun bo‘lgan pichoqlar taqiqlangan. Shuningdek kastet, kisten, syuriken va bumeranglarni olib yurish mumkin emas. O‘zini himoya qilish uchun sovuq quroldan foydalanish umuman mumkin emas.
– Miting va boshqa yig‘inlarga qurol ko‘tarib borish mumkin emas. Qurolni transportda olib yurish, ko‘chada ko‘z-ko‘z qilish taqiqlanadi.
– Qurol faqat 18 yoshdan oshganlarga beriladi. Buning uchun mahalliy IIBdan ruxsat olish kerak. Faqat konkret bir qurol turiga ruxsat beriladi. Shuningdek, sog‘lom ekaningiz haqida tibbiy ma’lumotnoma ham taqdim etasiz.
Umuman olganda, eng muhimi mana shular. Yana bir bor ta’kidlaymiz, bu hozircha faqatgina qonun loyihasi.