Noqonuniy taksi haydovchilariga qanday chora ko‘riladi?
“Lisenziyasiz haydovchilarga nisbatan qonunchiligimizda qanday choralar belgishlangan?”
A. Ne’matov,
Samarqand shahri
Savolga Toshkent shahar hokimligi yo‘lovchi transportining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti bosh mutaxassisi Dilshod Fayzullaev javob beradi:
— Yo‘lovchi transportlarining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti, Davlat Soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda nolegal taksi haydovchilarini aniqlash ishlari bajarilmoqda. O‘tgan yil hisobotiga yuzlansak, yo‘lovchilar tashish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 21 000 ga yaqin holat aniqlangan. Bular orasida yo‘lovchilar tashish huquqini beruvchi lisenziyaga ega bo‘lmaganlar soni 2000 tani tashkil qiladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan lisenziyasiz yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan jismoniy shaxslar ishi sud tomonidan ko‘riladi. Shuningdek, departament tomonidan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, avtomobil texnik holatidan xabar beruvchi tegishli hujjat va sug‘urta shartnomasi mavjud bo‘lmagan 6000ga yaqin holat aniqlandi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 173 – moddasida «Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug‘ullanish – fuqarolarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa ellik barvaridan yuz ellik barvarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi» deyilgan. Fuqaro tomonidan qonunbuzarlik holatlarining qayta takrorlanishi eng kam ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha jarima, 5 yilgacha haydovchilik guvohnomasining bekor qilinishi, (muayyan hukquqdan mahrum qilish) yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolaniladi.