Prezident Shavkat Mirziyoev 2 iyul kuni "Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.
Unga ko‘ra qaysi joylarda chilim va elektron sigaretalarni chekish mumkin emas:
— stasionar savdo ob’ektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
— kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
— klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
— muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;
— mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
— yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
— aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
— sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;
— ish joylari bo‘lgan xonalarda;
— ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
— xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maxsus ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) saqlashga doir talablar, shuningdek tamakiga va chekiladigan qorishmalarga (tutatqi qiyomga, tutatqi toshga) doir gigienik talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.