Qashqadaryoda 15 yoshli qizni zo‘rlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, Koson tumani prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda “Bir necha kishi zo‘rlangani gumon qilinayotgan 15 yashar qiz 6 oylik homilasidan ajradi” sarvlaha ostida chop etilgan maqola yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan.
Aniqlanishicha, Koson tumani tug‘ruq kompleksi tomonidan 2020 yil 09 yanvar kuni 00:30 larda voyaga yetmagan S.B.ning 21 haftalik homilasi tushganligi haqida ma’lum qilingan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida so‘ralgan S.B o‘z tushuntirishida 2019 yil 09 sentabr kuni “Arabxona” mahallasidan o‘tuvchi yo‘lda “Behruz” deb tanishtirgan shaxs avtomashinasiga mindirib, uni yaxshi ko‘rishini aytib, shu atrofdagi uyiga olib borib kiyimlarini majburan yechib nomusiga tekkanligini, qo‘rqib qolgani sababli ushbu holat yuzasidan hech kimga murojaat qilmaganligini bildirgan.
Tezkor surishtiruv ishlari davomida “Behruz” deb tanishtirgan shaxs “Arabxona” mahallasida yashovchi S.Q. ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari Koson tumani IIB TB tomonidan olib borilmoqda.