Ba’zida kutilmagan yerdan bir muammo chiqib, oson va oddiy tuyulgan ishing ham bitmay qoladi. Umuman iloji topilmaydi. Singlim Qo‘qon davlat pedagogika institutiga hujjat topshirgani borgan kun ham xuddi shunday bo‘ldi. Sabringiz yetsa, abiturientning tinka quritar va mashaqqatli sarguzashtlarini qisqaroq qilib bir boshdan aytib beraman.
2019 yil 10 iyul. Singlim Qo‘qon davlat pedagogika institutiga boradi va tumonat navbatdan o‘tib, kompyuterda o‘tirgan operatorga pasportini beradi. Boshqalarga birpasda to‘lov uchun invoys chiqarib berayotgan operator bu gal ancha urinib, xatolik yuz berayotganini aytadi. «Pasport stol»ga uchrashib ko‘rishni maslahat beradi. Singlim menga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda aytgach, hayron bo‘ldim: nega? Pasporti biometrik, 2013 yili olingan bo‘lsa, nimaga xato chiqadi? Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi coll-markaziga bog‘landim. Qabulning elektron tizimi Davlat test markaziga tegishliligini, ularga bog‘lanishim zarurligi aytishdi. Telefon qildim, bir necha bor urinishlardan so‘ng, go‘shak ko‘tarildi. Ular ham hayron: «bo‘lishi mumkin emas». Axborot texnologiyalari bo‘yicha mas’ul xodimlar bilan gaplashib, menga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishlarini aytishdi. 15-20 daqiqadan so‘ng, telefon qilishib, operatorga yana uchrashishni, ularga DTM telefon raqamlari berilganini, bog‘lanishsa, xatolikni birga hal qilishlarini aytishdi.
Ammo operator shunchaki invoys chiqarishini aytib, ichkariga – qabul komissiyaga uchrashishni tavsiya qilibdi. Qabul komissiyasidagilar ham bir-ikki urinibdi, u yerda ham xatolik, bunday shaxsiy identifikasion raqam bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Ammo DTMga telefon qilishdan keskin bo‘yin tovlashadi, muammo ularda emasligini aytishadi. Bir necha soatdan beri navbatda turgan va toqati butunlay tugagan boshqa abiturietlar, ularning yaqinlari ham ko‘p vaqtni olayotgan singlimga nisbatan qat’iy norozilik bildirishadi.
Bundan so‘ng men yana DTMga qo‘ng‘iroq qildim, ular vaziyatni o‘rganib, o‘zlari telefon qilishlarini aytishdi. Ammo bu gal qo‘ng‘iroq qilishmadi. Katta ehtimol bilan ular muammoning mohiyatini u qadar anglay olishmadi. Chunki gap nimada ekanini bir necha bor qayta-qayta tushuntirishimga to‘g‘ri keldi. Internetda to‘lovni DTMning pay.dtm.uz saytidan ham qilish mumkinligini o‘qigandim. O‘zim ham bir necha bor urindim, «404. Ma’lumot xato kiritildi» mazmunidagi yozuv chiqdi. Chiqmagan jondan umid, deya Migratsiya va fuqarolik bosh boshqarmasiga telefon qildim. Ular oxirgi 2-3 kun ichida yuzga yaqin shunday murojaat bo‘lganini, biroq bu muammoni hal qilish ularning imkon darajasida emasligini aytishdi. Tuman «pasport stoli»ga borishni, Davlat personallashtirish markaziga ham murojaat qilib ko‘rishni tavsiya qilishdi. Davlat personallashtirish markaziga bog‘landim. Go‘shakni ko‘targan ayol bu masalada axborot bera olmasligi, ularga bevosita tuman pasport bo‘limi murojaat qilishi kerakligini aytdi.
Shundan so‘ng Uchko‘prik tuman «pasport stoli»ga jo‘nadim. Aksiga olib, o‘sha kuni Farg‘onada majlis ekan, hamma yoppasiga yig‘ilishga ketibdi, postdagi aka: «Ertaga ertalab to‘qqizga kelavering», deb maslahat berdi. Kun ham kech bo‘lib qolganini hisobga olib, singlimga uyga qaytishini aytdim. DTMning serverlari yuklama ko‘pligidan qiynalayotgan bo‘lsa, kechqurun, yuk kamayganda yana urinib ko‘raman, deb o‘yladim. Ammo tunda ham shu ahvol: xatolik takrorlanaverdi. Shunda sinash uchun o‘zimning, yaqinlarimning pasport ma’lumotlarini kiritib ko‘rdim: ajabo, ishladi! Ism-shariflar bilan birga invoys raqami ham chiqib keldi. Demak, muammo mutlaqo pasportda!
2019 yil 11 iyul. Singlim ukam bilan birga ertalabdan tuman pasport bo‘limiga yo‘l oldi. Mutaxassislar bunday mazmundagi murojaatlar bo‘layotganini, 2013 yildagi ko‘p pasportlarda shunday muammo borligini aytishadi. Chunki u paytlar biometrik pasport tizimi tumanda yangi yo‘lga qo‘yilgan, ma’lumotlar bazaga to‘liq kiritilmagan bo‘lishi mumkin. Yagona yo‘l: pasportni almashtirish. Ammo yangi pasport tayyor bo‘lishi uchun kamida o‘n besh kun ketadi.
Shundan so‘ng Davlat xizmatlari agentligining tuman bo‘limiga uchrashildi. Bo‘lim mutaxassisi ham bir necha bor urinib, natijaga erisha olmadi. Orada Qo‘qon davlat pedagogika institutining qabul bo‘limiga ham yana borib kelindi. Natija esa yo‘q.
Pasport bo‘limi rahbariga vaziyat tushuntirildi, Davlat xizmatlari agentligida ham muammo hal bo‘lmagani aytildi. Pasport bo‘limi boshlig‘i shaxsan o‘zi pasport ma’lumotlarini tizimdan tekshirib ko‘radi: eski nobiometrik pasport bo‘yicha bazadan ma’lumot chiqadi, ammo biometrik pasport bo‘yicha hech qanday ma’lumot yo‘q. Shu yerda bir jihatni alohida e’tirof etish o‘rinli: tuman pasport bo‘limi rahbari va Davlat xizmatlari agentligi tuman bo‘limi mutaxassisining fidoyiliklari diqqatga sazovor. Ular imkon qadar muammoni hal qilishga intilishdi, xayrixoh munosabatda bo‘lishdi.
Pasport bo‘limi rahbari DXA tuman bo‘limiga shaxsan birga kirib, jarayonni o‘z ko‘zi bilan kuzatibdi. Chunki eski nobiometrik pasport bo‘yicha bazada ma’lumot ko‘ringani umid uyg‘otgan edi-da! Balki oldin eski ma’lumotni o‘qitib olib, keyin ShIR raqamini kiritish mumkindir. Afsuski, bu ham foyda bermadi: DXA tizimida nobiometrik pasport bo‘yicha qabul punkti yo‘q ekan. Shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lda kiritishga esa imkon berilmagan.
Noiloj, yangi pasportga ariza berildi. Vaqtinchalik pasport ma’lumotnomasi (9 forma) olindi. Zora, shaxsiy identifikasion raqam bo‘yicha ma’lumotlar bazaga kirib qolsa. Ammo bu ham hozircha ish bergani yo‘q. Oradan bir kun o‘tib, pay.dtm.uz da tekshirib ko‘rdim, behuda – haliyam xatolik chiqyapti.
Shu o‘rinda mulohaza tug‘iladi. Yangi tizim bu yil birinchi marta sinovdan o‘tyapti. Tan olish kerak, qulayligi zo‘r. Lekin potensial muammolarni yechish uchun nega eshik qoldirilmagan? Nega ma’lumoti avtomatik ko‘rinmagan abiturientning pasport ma’lumotlarini qo‘lda kiritish imkoni qoldirilmagan?
To‘lov qilmaguncha, abiturient bechora hujjat topshirolmaydi. To‘lov qilay desa, yo‘l yo‘q. Hujjat topshirish muddati tugashiga esa 3 kun qoldi. Agar mutasaddilar aytgan gaplarga tayansak, bunday muammoga duch kelgan kamida 100 nafar abiturient bor. Bunday muammo boshqa hech kimda yo‘q deb ham o‘ylaylik. Ammo bir nafar bo‘lsa ham abiturientning umidlari qabuldayoq sindirilishi, boshqalar qatori teng imkoniyat berilmasligi adolatsizlikdir.
To‘g‘ri, u qabul boshlanganidayoq komissiyaga uchrashganida, muammo oldinroq aniqlanganida, pasportni yangisiga alishtirish, boshqalar qatori osongina hujjat topshirish mumkin bo‘lardi. Lekin bunaqa bo‘lishini kim bilibdi? Otim o‘lishini bilganimda, chaksa kepakka sotar edim, deydi-ku eskilar.
Xullas, ikki kunlik sarsongarchiliklar mutloq natijasizlik bilan tugadi. Xo‘sh, bu kabi dardi og‘ir muammoga uchraganlar kimga murojaat qilsin? Uning yechimiga kalit kimda? Kim yordam beradi? Qabul komissiyalari-yu DXA markazlariga uchrashishni qayta tavsiya qilishdan naf yo‘q. Muammo ulardan tashqarida. Qabul jarayoniga bevosita bosh-qosh bo‘lgan Davlat test markazidan muammoning ijobiy hal etilishida amaliy qadamlarni kutamiz.
Orifjon Madvaliev,
jurnalist