Priti Zinta sirli turmush o‘rtog‘ini ommaga tanishtirdi
29 fevral kuni Los-Anjelesda hind aktrisasi Priti Zintaning Jin Gudenaf bilan sirli to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda aktrisa Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan.
Eng shov-shuvli to‘y e’loniga aylangan bu xabarda 42 yoshli aktrisa “Shu paytgacha men o‘ta jiddiylik bilan “Miss” nomini olib yurar edim, lekin “Etarlicha yaxshi insonni” (ing. Goodenough) uchratmagunimga qadar albatta. Shunday qilib, azizlar men “Turmush qurganlar klubiga” a’zo bo‘ldim”, deb ta’kidladi.
“Barchangizga ezgu tilaklaringiz va sevgingiz uchun katta rahmat aytib qolaman. Sizlarni sevaman”, - deb xabarni yakunlaydi Priti.
To‘y marosimlari sirli tarzda o‘tkazilgani tufayli hech qanday fotosuratlar ma’lum emas. Priti va Jin to‘yga taklif qilinganlardan oldindan hech qanday fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarda yuklamaslik va tarqatmaslikni iltimos qilishgan. Bunga sabab, Priti to‘y fotosuratlarini xayriya auksioniga qo‘yib, ulardan tushgan mablag‘ni o‘zining xayriya fondiga topshirishni maqsad qilgan.
Priti va Jin 18 oydan beri o‘zaro munosabatda bo‘lishgani aytilgan. Ular aprel oyida “Bollywood” usulida to‘y qilishni ham rejalashtirishgan.