Pokistonlik 18 yashar qizni onasi va akasi yoqib yubordi
18 yoshli Pokistonlik qizni onasi va akasi tiriklayin yoqib yubordi. Bu haqda “Ren.tv” nashri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 29 may kuni marhuma oilasidagilarning qarshiliklariga qaramay, sevgan insoni bilan qochib ketgan va unga turmushga chiqqan. Bir necha kun avval esa uning onasi va amakisi yangi kelinchakni uylariga olib ketishgan.
Bu voqeadan so‘ng, ota uyiga kelgan qizni o‘z onasi va akasi krovatga bog‘lab, ustidan kerosin quyishgan, so‘ng tiriklayin yoqib yuborishgan. 18 yoshli qizning tanasi butunlay yonib ketgan va u nobud bo‘lgan.
“U oilasidagilar qo‘lida o‘lim topishini menga aytgandi, uyga yubormasligimni o‘tinib so‘ragandi”, deydi 18 yoshli marhumaning turmush o‘rtog‘i.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kelinchakning onasi va akasi hibsga olingan va ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.