O‘zbekiston xalq artisti, duogo‘y ustoz Ozodbek Nazarbekov unga talpingan yosh iste’dod borki, qo‘llab-quvvatlashni kanda qilmay kelayotir. “Istiqlol”da so‘nggi paytda konsert berayotgan xonandalar dastur boshlanishidan oldin el suygan xonandaning duosini olishni o‘zlariga odat qilishdi. Vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaoamay, Ozodbek saroyga kelib, shogirdlariga duo bermoqda. Ulug‘bek Rahmatullaevning konsertida Nazarbekov bilan gaplashib qoldik. U ijodiy yangiliklari bilan bo‘lishdi.
-“Buyuk siymolar ijodidan” turkumini davom etishga kirishdik. Xabaringiz bor, bu ulkan loyihaning ilk qadami Bobur ijodi bilan boshlandi. Atoqli shoirning g‘azallari bilan yangicha uslubdagi musiqalar bilan kuylangan qo‘shiqlarimiz elimizga havola etildi. Mayli-da, ular orasidan birgina qo‘shig‘imiz ommalashdi. “Lola”ni bugun qaysi tadbirga bormay, jo‘r bo‘lib kuylashadi. Endigi navbat Lutfiy ijodiga! Kuni-kecha sevimli shoirning “Yiroq” nomli g‘azali bilan tanishdim. G‘azalni o‘qir ekanman, qalbimda unga monand musiqa ham yaraldi. Ayni paytda belni mahkam bog‘lab, ijodga kirishdim. O‘ylaymanki, yangi albomim muxlislarimni befarq qoldirmaydi – deydi, Ozodbek.
***
Mustaqillik kashf etgan Xalq artisti – Gulsanam Mamazoitova ham hamkasblari hurmatini joyiga qo‘yadi. Taklif etilgan konsertdan qolmaydi. Albatta, bir dasta gul bilan tashrif buyuradi. Ulug‘bek Rahmatullaev konsertida dastur boshidan oxirigacha tomoshabin bo‘lgan (odatda, xonandalar “birrov”lari sabab yo yutuqlarni yuraklari ko‘tara olmay konsertda ko‘ringandek bo‘lib yoki yarmidan ketib qolishadi) xonanda bilan suhbatlashib qolganimizda, so‘nggi yangiliklari haqida gapirdi.
-Ayni paytda 2016-yil fevral oyidagi yakkaxon konsertlarimga qizg‘in tayyorgarlik boshlangan. 5 kunlik konsertlarim jonli ijroda o‘tadi. Shu bois kun sonini ko‘paytirishni lozim deb bilmayman. Ustiga-ustak, ko‘p qo‘shiqlarim avjli, yuqori pardada kuylanadi. Konsert sifatini uning sonini ko‘paytirib, yo‘qotishni istamayman. Undan tashqari, akam Otabek Muhammadzohid ijrosida kuylangan “Samarqand” nomli qo‘shiqni o‘z uslubimda kuylashni rejalashtirganman. Dunyo tamaddunida alohida ahamiyatga ega qadimiy shahar – Samarqand haqidagi ushbu dillarni titratguvchi qo‘shiq yangi dasturimda iftoxorga to‘la taronalarimdan biri bo‘lishiga umid qilaman! – deydi, san’atimiz Gulsanami.
Ma’lumotlarga qaraganda, Gulsanam Mamazoitovaning fevral konsertlarini tashkil etishda Ozodbekning prodyuseri Ilyos Dadaboyev yaqindan ko‘mak beradi. Bu fakt esa konsertning yuqori saviyada o‘tishiga ishonch uyg‘otadi!