O‘zbekistondagi telekanallar va radiolarda qo‘shiqlari berilmayotganiga 10 yildan oshgan xonanda Ozoda Nursaidova joriy yilning 27 oktabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda gastrol konsert dasturini taqdim etadi.
O‘zbekistondagi eng so‘nggi konsertini 2006 yilda taqdim etgan xonanda o‘shandan buyon necha bor konsert taqdim etishga harakat qildi. Biroq, konsertlar noma’lum sabablarga ko‘ra bekor qilindi. Xonandaga ruxsat tekkani yo‘q.
Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston va Tojikistonda Nursaidovaning muxlislari talaygina. Qolaversa, O‘zbekistondan ketgan mingrantlar hisobiga Rossiya va Turkiyada ham unga talab katta.
Joriy yilning 1 aprel kuni Ozoda Nursaidova Turkiyada 60 kishilik orkestr bilan jonli ijrodagi konsert dasturini taqdim etdi. Qolaversa, xonanda “Farqi yo‘q” nomli yangi qo‘shig‘iga ham Istanbul shahrida klip suratga oldirib qaytgandi.
Ozodaning gastrol konsertlari bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Ammo uning mamlakatdagi ijodi qarshisida hamon to‘siqlar bordek. U O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan bir vaqtda taqiqqa tushgandi.