Ozoda Nursaidova 13 yillik tanaffusdan so‘ng konsert bermoqchi
Xonanda Ozoda Nursaidova o‘n uch yillik tanaffusdan so‘ng «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim qilmoqda. Bu haqda xonanda Feruz Muhammadga bergan qisqa intervyusida ma’lum qildi.
— “Xalqlar do‘stligi” saroyida 8-12 aprel kunlari yakkaxon dasturimni taqdim etmoqdaman. Bundan avvalgi dasturimiz 2006 yilda bo‘lgan edi. Ko‘pchilikda “Konsert dasturi jonli ijroda bo‘ladimi yoki fonogrammada?” degan savollar tug‘ilmoqda. Konsert dasturimiz 80 foiz jonli ijroda bo‘ladi.
Konsert dasturining birgina sahnasida fonogrammadan foydalansa ham konsert bannerlariga jonli ijro deb yozish mumkin emas ekan. Shu sababli konsert bannerlariga fonogramma deb yozib qo‘yilgan. Dasturga asosiy tayyorgarlik ishlari yanvar oyidan boshlangan, deydi xonanda.
Ma’lumot uchun, Ozoda Nursaidova 2019 yilning 13 oktabr kuni «O‘zbekkonsert»da bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «O‘zbekkonsert» direktori Odiljon Abduqahhorov Prezident Shavkat Mirziyoevning san’at ahliga bo‘lgan g‘amxo‘rligi, mehribonligi va kechirimliligi bois xonanda Ozoda Saidzoda kechirilgani hamda unga erkin ijod qilish imkoniyati yaratilganini ma’lum qilgan edi.