Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi Buxoro shahrining Nurobod ko‘chasida yashovchi fuqaro O.ni uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Keksa otasidan g‘azablangan o‘g‘il uni itarib yiqitgan. Shundan so‘ng, oshxona pichog‘i bilan uning ko‘krak sohasiga bir necha bor urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan O. mastligi sabab o‘z harakatlarini boshqara olmagan. Qariya ota olgan jarohati tufayli hushini yo‘qotgan.
Shovqindan uyg‘ongan oila a’zolari keksa otani shifoxonaga olib ketishgan. Ammo yetkazilgan og‘ir tan jarohati sababli, jabrlanuvchi yo‘lda jon bergan.
Fuqaro O.ga qilmishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v” va “j” bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sudning hukmi bilan O. uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi.