Aziz mushtariy, yodingizda bo‘lsa, oiladagi er-xotin munosabatlari, aniqrog‘i erkak-ayol juftligining oilaviy hayotidagi ba’zi bir nozik masalalarga to‘xtalgan edik. Jumladan, jamiyatda mavjud, bizni isnodga qoldirayotgan ayrim illatlar, oilaviy hayotda munosabatlarning uyg‘unligi, oilada erkak va ayolning o‘rni haqida ba’zi bir xulosalarga to‘xtalgan edik.
Bugun e’tiboringizga havola etilayotgan masala ham o‘ta nozik — turmushga chiqmagan katta yoshli qizlarga dunyoning yetakchi psixologlaridan ayrim tavsiyalar asosidagi mavzuga taalluqli ba’zi bir mulohazalar o‘rin olgan.
O‘tgan safar o‘z jinsdoshlarim — erkaklarning dunyoqarashi, oilasiga munosabati, ularning tabiati bilan bog‘liq ayrim qusurlar va ustunliklar haqida mulohazalarimni bayon etib, o‘quvchilar nazdida, erkaklar tomonga yon bosganday, aniqrog‘i ayollarga “tanbeh” berganday bo‘lib qolgandim. Bugun esa aksincha, nozik jins vakilalariga ayrim tavsiyalarni ayta turib, erkaklar ruhiyatidagi ayrim “nozik qirralar” haqida fikr yuritamiz...
Bu dunyoning sinovlari ko‘p... Besh qo‘l barobar emas, degan ibora ayni bir kaftga birlashadigan beshta barmog‘imizning uzun-qalinligi, bajaradigan vazifalari turlicha ekanligiga (teng emasligiga) ishora.
Demakki, inson hayotida, uning taqdirida umumiylik yo‘q, ular turli-tuman va kutilmagan ishlarga boy. Hamma narsa ideal darajada bo‘lganda bu dunyo, bu hayot o‘z mazmunini yo‘qotgan bo‘larmidi...
Jins tug‘ilish nisbati odatda 45% ga 55% (taxminan shunday) bo‘lib, bu raqamlar ichida nozik jins vakilalarining salmog‘i ko‘proq...
Demak, har 4 ta voyaga yetgan yigitga 5 ta bo‘yi yetgan qiz to‘g‘ri keladi!
Tabiiyki, har qanday jamiyatda turli sabablarga ko‘ra “qari qiz” degan shartli “unvonli” nozik jins vakilalarini uchratish mumkin. Biri kuyov “tanlayverish” oqibatida, yana biri ilm-fanning ketidan quvib, ba’zilariga “taqdiri ekan” degan so‘zni ishlatishdan o‘zga chora topolmaysan kishi. Ayrimlari esa hanuz o‘z tasavvuridagi mukammal muhabbatni izlaydi...
Avvalo, bu — fojia emas! Fojia — majburiy yoki hisob-kitobli nikohning qurboni bo‘lish, bir etak bolalari bilan otasining uyiga qaytib kelish... Unisidan asrasin!
Yuqorida sha’ma qilinganidek, bugungi mavzu balog‘at ostonasidan qadam uzganlariga yillar bo‘lgan bo‘lsada hanuzgacha turmush qurmagan ayrim qizlar xususida...
Bitta gulg‘unchani ming xil xaridor so‘raydi, deganlaridek turli toifa va yoshdagi kishilar kattaroq yoshdagi qizlarga “og‘iz solishi” tabiiy hol. Albatta, ular ichida turmushi buzilgan yigitlarning ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Mazkur mavzuda ko‘tarilayotgan muammo ham shunda: oila ko‘rgan yigit bilan turmush qurmagan qizning munosabatlaridagi ayrim tushunmovchiliklar, nomutanosibliklar bo‘lishi mumkin.
Aziz qizlarjon, siz umid shamlaringiz kundan kunga, yildan yilga xira tortib pirpirayotgan bir paytda mehribon, odil va mulohazali insonni uchratib qoldingiz deylik. Uning yagona nuqsoni bor, yuqorida aytib o‘tilganidek — oila qurib ajrashganligi!
Biroq taqdir chorrahalari sizni birlashtirib, ko‘nglingizdagi allaqanday his-tuyg‘ular yaqin munosabatga undamoqda. Bu vaziyatni ota-onangiz, aka-opangiz qanday baholashi umuman boshqa masala (va o‘z o‘rnida muhim).
Biz ayni paytda fikr yuritmoqchi bo‘lgan masala — sizning o‘z xohishingiz bilan unga yaqin bo‘layotganingizda ahamiyat berishingiz lozim bo‘lgan ayrim jihatlarga qaratilgan. Qisqasi...
Ehtiyot bo‘ling!
Turmushi buzilgan erkak bilan uchrashganda... uni ko‘nglini ko‘taruvchi, yupatuvchi so‘zlarni hadeb ishlatavermaslik, bu haqda aytavermaslik lozim, garchi u bunga muhtoj bo‘lsada.
Negaki, u yupanch so‘zlardan bezigan, ilgarigi turmushini eslatuvchi har bir so‘z, har bir detal unga yomon kayfiyat, siqilish, ruhiy noxotirjamlik olib kelishi tayin.
Shuningdek, uni allaqanday nuqsonlardan, illatlardan xalos qilishga urinish... bekor!
Oldingi turmushida umr yo‘ldoshi uni qadrlamaganini, izzat-hurmatini joyiga qo‘ymaganini gapirmang! Shu ko‘ngilsizliklar uni ichkilikka o‘ch, jahldor qilib qo‘ygani, endi siz bularni yo‘qotib, barcha muammolarni bartaraf eta olishingiz mumkinligini takrorlamang.
Yodingizda tursin, shakllangan shaxsni qayta tarbiyalab bo‘lmaydi!!!
Ajrashgan erkakning nikoh buzilishi sabablariga qiziqaverish ham... yaxshilikka olib kelmaydi. Uning yaralangan qalbi hali bitmagan bo‘lsa, bu kabi savollar uni azoblaydi. Qalbga majburan yoki zo‘ravonlik bilan kirib bo‘lmaydi! U istasa o‘zi aytib berishi mumkin. Uni tinglash yoki tinglamaslik, aniqrog‘i bu haqda gapirishiga izn berish-bermaslik o‘zingizga havola.
U o‘ziga be’etibor, yurish-turishidagi nuqsonu kamchiliklarga e’tibor bermay qo‘yganmi? Bundan aslo fojia yasamang!
To‘g‘ri-da, so‘qqabosh erkak kishiga juda qiyin!
Darrov uning oldiga tushib, barcha muammolarini hal etishga kirishavermang. Sizning orasta beka bo‘la olishingiz mumkinligi, pazandalik san’atingiz, uy-ro‘zg‘or ishlarini fahm-farosat bilan bajara olishingizni u to‘lig‘icha “kashf” etib qo‘ymasligi lozim.
Siz u uchun biroz sirli bo‘lib turing va unga aynan kim, o‘sha kimning qanday sifatlari kerakligi o‘rganing!
Aks holda uning uy-ro‘zg‘or va bola-chaqa ishlari uchungina oila bekasi bo‘lib qolishingiz mumkin...
Ahamiyatli tomonlari...
Ko‘pchilik ayollarning fikricha, oila ko‘rgan erkaklar birmuncha mulohazali, bosiq va turli vaziyatlardan odilona yo‘l bilan chiqib keta oladigan xususiyatlarga ega deb hisoblashadi. Bu gapda jon bor.
Ularning “sobiq turmushi” ko‘p narsalarni o‘rgatgan, eng asosiysi u, avvalo, o‘zining xatti-harakatlarini tanqidiy nuqtai nazar bilan tahlil qilishni o‘rgangan!
Uy-ro‘zg‘or ishlari taqsimoti, oila byudjeti, qarindosh va do‘st-birodarlar bilan bordi-keldi qilish, kiyim-kechak va ro‘zg‘or buyumlari xarid qilish, madaniy hordiq chiqarish va hokazolar bo‘yicha uning tajribasi ham, aniq qarashlari ham shakllangan. U rafiqasining qarindoshlari bilan munosabatga kirishishda o‘ta sirli, og‘ir-bosiq, ortiqcha so‘z yoki harakatga joy qoldirmaydi!
U bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga fikrini o‘nlab so‘zlar yordamida ifoda etmaydi, birgina jumla yoki ko‘zqarash bilan nima demoqchi bo‘lganini bildiradi-qo‘yadi.
Qo‘pol qilib aytganda, u tayyor oila boshlig‘i, unga orasta, oqila juft, sarishtali ro‘zg‘or, osoyishta xonadon kerak. Qolganlarini uning o‘zi muhayyo qilishga tayyor!
Negaki birinchi turmushidan olgan saboqlari uni “toblagan”, “yashovchan” qilib qo‘ygan. Faqat undan romantiklikni talab qilmasangiz bas...
U sizni telbalarcha sevib qolgan taqdirida ham yosh yigitlarga xos romantik xatti-harakatlarni, ehtirosga to‘la “syurprizlar”ni hadya qilmasligi mumkin. U ortiq hayollari bilan yashamay qo‘ygan, o‘zi ko‘rgan-eshitgan, ko‘zi yetgan narsalargagina ishonadi. U jismoniy yetuklikdan ruhiy yetuklikni ustun qo‘yishni o‘rgangan, shuning uchun ma’naviy dunyoingizni boyitishga intiling.
Aziz qizlar! Har xil odam bor... Fe’li, dunyoqarashlari va hayotiy prinsiplari turlicha bo‘lgan kishilar “yo‘lingizni to‘sishi” mumkin. Sizga og‘iz solayotgan erkakda mana shu nuqsonlar bo‘lsa, undan yiroq bo‘lganingiz ma’qul:
nuqul o‘zining sobiq rafiqasi haqida gapiraversa... “u unaqa edi, u bunaqa edi”, “buni yaxshi ko‘rardi, buni yoqtirmasdi”, “u mana shunaqa derdi, men bunaqa derdim” kabi jumlalarni takrorlayversa;
o‘zining sobiq nikohidagi kamchiliklarni gapiraversa... “mana bu narsalarimiz yo‘q edi”, “mana bunday qilmoqchi edik, faloncha falon ish qilgani uchun bo‘lmay qoldi”, “vaziyat shuni taqozo etardi, men ojiz edim” kabi ayni o‘zini soqit qilishga qaratilgan gaplarni gapiraversa;
nikohi buzilganligida faqat sobiq rafiqasini ayblab, o‘zini kamsitilgan, xo‘rlangan “farishta” qilib ko‘rsatishga urinsa;
birinchi nikohidagi bolalariga berayotgan moddiy ta’minotini yashirsa yoxud ulardan tonsa...
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shuncha gap-so‘zlardan keyin u kim bo‘lishi mumkin? Sizdan o‘ta ehtiyotkorlik talab etiladi. Muhimi, qaror qabul qilishga shoshilmang.
Yana shuni unutmangki, baxt siz kutmagan joydan kelishi ham mumkin!..
Aziz muxlis, yuqoridagi mulohazalarimdan ko‘zlangan maqsad bitta — mavjud va tuzilajak oilalarning rishtasiga bir qatra bo‘lsa ham mustahkamlik ato etish!
Unutmang, yurtimizda SOG‘LOM VA MUSTAHKAM OILAlarning soni qanchalik ko‘paysa — jamiyatda mavjud illatlarga shunchalik o‘rin qolmaydi!
Baxtli bo‘ling va baxt tilsimi.... O‘ZINGIZDA!
Ulug‘ BEK