Odil Ahmedov: Bahraynga o‘zimiz tashabbusni biroz berib qo‘ydik
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov JCh—2018 va Osiyo Kubogi—2019 saralashi doirasida 29-mart, seshanba kuni Toshkentda Bahraynga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng O‘zMTRK “Sport” telekanaliga intervyu berib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasidagi saralash uchrashuvi 1:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. “Bunyodkor” stadionida tashkil etilgan o‘yindagi yagona gol yarim himoyachi Sardor Rashidov hisobiga yozildi.
“Bahraynga qarshi 2-saralash bosqichi doirasida so‘nggisi bo‘lgani, qo‘shimchasi, raqib prinsipial bo‘lgani sabab ham qiyin bo‘lishini oldindan bilgan edik. Bundan tashqari, o‘z maydoningda o‘ynash qiyin — muxlislar jamoadan gol, g‘alaba kutadi. Xudoga shukr, kerakli natijani qo‘lga kiritdik. Keyingi o‘yinlarda ham muxlislarni xursand qilamiz, deb o‘ylayman”, — dedi Odil Ahmedov.
“Bahraynning ayniqsa hujum chizig‘ida kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Shu sababli ham mazkur jamoaning qarshi hujumlarini qaytarishda biroz qiyinchilikka duch keldik. Bundan tashqari, ularga o‘zimiz o‘yindagi tashabbusni biroz berib qo‘ydik. Albatta, g‘alaba qozonayotgan jamoa ehtiyotkorroq bo‘ladi, shu sababli ham o‘yin oxirida ehtiyot bo‘lib o‘ynadik”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori.