Eron bilan o‘yindan oldin terma jamoamizda jiddiy yo‘qotish?!
Xabaringiz bor, kecha YeL guruh bosqichidan o‘rin olgan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda biz uchun ahamiyatlisi va diqqatimiz markazida turgan bellashuv “Krasnodar” – “Nitstsa” qarama-qarshiligi bo‘ldi. Garchi ushbu bahsda Odil Ahmedov jamoasining g‘alaba qozonishidan ko‘ra ko‘ra terma jamoamiz sardorining sog‘-salomat o‘yinni yakunlab olishini kutganlar ham etarli edi. Afsuski, asragan ko‘zga cho‘p kirar deganlaridek, biz ich-ichimizdan qo‘rqib hadiksiragan holatimiz yuz berdi. Ya’ni, Odil Ahmedov Balotelliga qarshi uchrashuvda maydonda katta hajmdagi ishni bajardi va jarohat olib maydonni erta tark etdi.
Terma jamoamiz etakchisi o‘yinning 59-daqiqasida o‘z o‘rnini Yuri Gazinskiyga bo‘shatib berdi. bu esa O‘zbekiston terma jamoasiga befarq bo‘lmagan barchani qo‘rquvga sola boshladi.
Bellashuvdan so‘ng “Krasnodar” klubi bosh murabbiyi Ahmedovning ahvoli bugun ma’lum bo‘lishini aytib o‘tdi. Biz esa Odilning salomatligi joyida bo‘lishini va Eron bilan bo‘ladigan muhim bahsda terma jamoamizni sardorlik bog‘ichi ostida maydonga olib chiqishiga umid qilib qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2018 3-saralash bosqichi 3-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Eron o‘yini 6 oktabr kuni “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladi.