Odamlar qarishgach, nimadan ko‘proq afsuslanishadi?
Yoshi 30, 40 va 50 yoshga to‘lganlar, asosan, nimalardan ko‘proq afsuslanishadi? Ularni nima qiynab keladi? “Quora” foydalanuvchilari shu va shunga o‘xshash savollarga javob berishdi. O‘qib ko‘ring, balki ularning javoblari sizga ham as qotar?
“Quora” foydalanuvchilaridan biri barchani birdek tashvishlantirgan va o‘yga cho‘mdirgan bir savolni o‘rtaga tashladi: “Inson 30, 40 va 50 yoshga to‘lganda, o‘z hayotiga nazar solganda, nimalardan afsuslanadi?”. Savol chuqur muhokamalarga sabab bo‘ldi va biz bugun sizni ularning eng qiziqarlilari bilan tanishtiramiz. Quyidagi gaplar turli xil dunyoqarashga, turli xil ijtimoiy mavqega ega insonlarning fikrlaridir. Har qanday tafakkur mahsulida bir mantiq yashirin bo‘ladi. Quyidagi fikrlardan ana shu mantiqni topa olsak, yutug‘imiz shu bo‘ladi. “…mang” sabog‘i
Inson o‘limi oldidan nimani istashi haqida bilish barchaga qiziq bo‘lsa kerak.
Aytishlaricha, Betxoven o‘limi oldidan shunday degan ekan: “Olqishlang, do‘stlarim, komediya tugadi!”.
Lu Kostello esa: “Bu — tatib ko‘rsa arzigo‘lik muzqaymoq bo‘libdi”, degan gapni aytgan.
Men yoshligimda yo‘l qo‘ygan xatolardan chiqargan saboqlarimni, bugun siz bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Bularning barchasini “…mang” qo‘shimchasi bilan bog‘lash mumkin.
Keraksiz narsalar sotib olmang
Buning o‘rniga hayotiy tajribalaringizni oshirib boring. Sayohat qiling. O‘z baxtingizni izlang, olam bag‘riga o‘zingizni oting. Sevgingizni qidiring. Garchi u dunyoning narigi tomonida bo‘lsa ham. Yodda tuting: buyumlar emas aynan tajriba va taassurotgina haqiqiy hayot bo‘la oladi.
Qilgingiz kelmagan ishni qilmang
O‘ylaysizki, xali ko‘p ishlarni bajarishga ulgurasiz. Bunga hali vaqtingiz yetadi, shunaqami? Afsuski, bunday emas. Bir vaqt kelib, ajoyib kunlarning birida, sizning vaqtingiz allaqachon o‘tib ketganini tushunib yetasiz. O‘shanda shunchaki judayam kech bo‘lgan bo‘ladi. Siz o‘zingizning hayotingizni yashab o‘tgan bo‘lasiz, faqat o‘zingiz istamagandek xolos.
Oldinga qo‘ygan maqsadingiz bormi? Yaxshi. Unda, to‘xtamang!
Barchaning ko‘nglini topishga urinmang
O‘zingizni yerga urmang, siz haqiqiy muhabbatga loyiq insonsiz. Afsus, men buni juda kech anglab yetdim. Mutlaqo begona odamlarning e’tiborini o‘zimga qaratish uchun judayam ko‘p vaqtimni sarflab yuborganman.
Ishlatib yuborgan pullarni qaytib topsa bo‘ladi. Ammo yo‘qotilgan 5 daqiqani hech qaerdan topib bo‘lmaydi.
O‘zga muhabbatga qaratilgan munosabatni iliqlashtirishga urinmang
O‘zga insonga nisbatan munosabat qaratilsa-yu, o‘sha inson siz bo‘lmasangiz, qayg‘urmang. Bu holat bir qora tuynukka o‘xshash narsa. U sizning barcha yorqin his-tuyg‘ularingizni yamlab yutadi, sizdan esa faqatgina quruq sharpa qoladi. O‘zingizni umuman yo‘qotib qo‘yasiz va qachon o‘zingizga kelishingiz noma’lum bo‘lib qoladi.
Meni sevmagan insonga ko‘ngil qo‘yganimda o‘zimni xuddi ruhsiz robotdek his qilganman. Odatiy yaxshi hayotga qaytishim uchun juda, juda uzoq vaqt ketgan.
Avvalo, o‘zingizga o‘zingiz “ha” degan ijobiy javobni bering, biroz o‘tib buni boshqalar tasdiqlashadi.
Maydakash bo‘lmang
Bu juda yomon odat. Obro‘yingizga putur yetkazib qo‘yishi mumkin. Dangal bo‘ling. So‘zingiz so‘z ustida o‘tsin.
Hayotingizni chuqur chohga tortib ketuvchi joylarda bo‘lmang
Zararli narsalarning yoniga ham yaqin yo‘lamang. Kayfiyatga yomon ta’sir etuvchi yangiliklarni o‘qimang. Bekorchixo‘ja, g‘iybatchi, loqayd va boqimanda hamkasblaringizdan uzoqlashing. Maqsadsiz, shunchaki yashayotgan odamlarga qimmatli vaqtingizni ajratmang.
Afsuslanmang
Yuqorida sizga aytib o‘tganlarim, afsuslanish bo‘lib tuyular? Biroq unday emas. Bu mening ongimda qotib qolgan xotiralarimdir.
O‘tmishga qaytib bo‘lmaydi, uni to‘g‘irlashning ham ikoni yo‘q. Omadsizlik va xatolar haqida o‘ylash esa foydasiz va ahmoqonadir.
Yashab bo‘lgan hayotingiz bilan yashashni to‘xtating.
Bugun barchasi boshidan boshlanadi. Ammo unutmang, sizning ertangiz har tomonlama buguningiz bilan bog‘liqdir. Saboqlar
Navqironligingizdan foydalanib, yaxshi ishlarga sarmoya kiriting.
Saxiy bo‘ling, ammo isrofga yo‘l qo‘ymang.
Imkon tug‘ilishi bilan sayohat qiling. Hech qachon bu borada imkoniyatni qo‘ldan boy bermang.
Sevgi, do‘stlik va salomatlik haqda qayg‘urish — ortga tashlash mumkin bo‘lmagan eng muhim ishlardir.
O‘ylaymanki, eng asosiysi — yashash va taslim bo‘lmaslik. Har doim, har qanday sharoitda. Pushaymon bo‘lishni keyinga qoldiring
O‘ttiz yoshli va qirq yoshli inson umr yo‘liga nazar tashlaganda nimani xohlaydi, deb so‘rayapsiz? Tahsinga sazovor jihati shundaki, siz bu haqda ancha yoshlikdan o‘ylayapsiz. Mening sizga kichik maslahatim: o‘z yo‘lingizni toping, qalbingiz to‘ridan joy egallagan ish bilan shug‘ullaning va baxtli bo‘ling. Afsuslanishni esa keyinga qoldiring, 50 va 60 yoshingizda bo‘lib o‘tgan ishlar haqida o‘ylash uchun sizda yetarlicha vaqt bo‘ladi.
Bu balki balandparvoz gapdek eshitilar, lekin ishonging, qariganingizda baribir nimadandir afsuslanasiz. Keling, eng ko‘p uchraydigan afsuslanishlarni uch guruhga ajratamiz.
Siz qilishni istamagan xatolar
Yoshlagimizda qiladigan xatolarimizga uncha ahamiyat qaratmaymiz. O‘ylaymizki, tuzatib bo‘lmaydigan xatoga yo‘l qo‘ydik, endi ortga yo‘l yo‘q. Ammo hayot davom etadi va biz xatolarimizni to‘g‘ri anglab yetib, uni to‘g‘irlasak bo‘ladi.
50 yoshga kirganingizda yoshlikda qilgan xatolaringizni ko‘rib, kulgingiz qistaydi. Siz hatto o‘zingiz o‘sha paytda qilgan xatoni o‘zga yoshlar qilayotganiga guvoh ham bo‘lasiz. Oxir-oqibat hayotingizda bo‘lib o‘tgan xatolar, garchi ular iz qoldirgan bo‘lsada, umringizning bir bo‘lagi, uning bir qismi ekanligini tushunib yetasiz. Ishoning, 20 yoki 30 yildan so‘ng, do‘stlaringiz davrasida ana shu xatolarni eslab kulib o‘tirasiz. Bu xatolar siz uchun zarur bo‘lgan. O‘zingizni kechiring.
Qilishni rejalagan ammo qilolmagan ishlaringiz
20 yoshingizda sevgan qizingizni uchrashuvga taklif etmagansiz, chunki komili ishonch bilan, xali bunga ulguraman, deb o‘ylagansiz.
Qariganingizda esa o‘tmishingizda bo‘lgan imkoniyatlar haqida xayol so‘rasiz va ulardan foydalanib qolmaganingiz uchun o‘zingizni aybdor his qilasiz. Xayolingizga dahshatli fikr keladi: “O‘shanda shu ishni qilsam nima bo‘lardi?”. O‘shanda imkoniyatlardan foydalanganimda katta hovlili, zamonaviy mashinali va ko‘nglimdagidek rafiqali bo‘larmidim, degan gumonlar sizni yeb tashlaydi.
Bu yaxshilikka bo‘larmidi yoki yomonlikkami hech kim bilmaydi va aytib bera olmaydi. Xayolingizdagi shubhalar bilan birga, hayotingizni go‘zal ekanligini tasdiqlovchi fikrlarni ham parallel ravishda tafakkur qilsangiz bo‘ladi. Ammo siz hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlarga e’tiboringizni qaratishingiz lozim.
Bekor o‘tgan vaqtlar…
Judayam qattiq afsuslanadigan narsam vaqtimni zoe ketgazganimdir. Menga biror bir chet tilini o‘rganmay, uy qurmay, umuman, hayotda o‘z o‘rnimga ega bo‘lmay hayotdan o‘tib ketadiganimday tuyulardi. Yoshim ulg‘aygani sari hayotimda bema’ni soatlar qo‘shila bordi. Vaqt judayam tez o‘tib ketadi, buni unutmaslik lozim. Nimadir qilishni istayapsizmi, o‘shani hozir qiling
Men vaqtida Avstriyaning baland qorli cho‘qqilariga chiqib snoubordda uchmaganimdan afsuslanaman. Biroq hozir shu ishni qilayapman. O‘shandamas hozir qilayapman. Hozir esa derazam ortida ajoyib ob-havo bo‘p turganda, men uning bag‘riga chiqish o‘rnida bu savollarga javob yozib o‘tirganimdan afsuslanayapman.
Nimadir qilishni istaysizmi, uni hoziroq bajaring. Ertaga kech bo‘lishi mumkin. 70 yoshda odamlar nimani istashadi?
Men odamlar judayam kam afsuslanishadi, deb o‘ylayman va bundan hayratga tushaman. Yoshim 70 da va men hayotimdan roziman. Agar afsuslanishlarimni yozadigan bo‘lsam katta bir kitob bo‘ladi. Men o‘zimning ahmoqona qarorlarimdan va o‘ylamay qilgan harakatlarimdan qattiq pushaymon chekkanman. Ro‘yxat yana davom etaverishi mumkin.
Men har doim o‘zimga to‘q bo‘lganman, ajoyib katta oilam bor va men hayotimdan minnatdorman. Ammo bundan 50 yil muqaddam, universitet oshxonasida, qo‘shni stolda o‘tirib menga tabassum hadya etgan qiz bilan tanishmaganimdan hamon afsuslanaman. Hayot — o‘yin
Hayot — qoidalarga asoslangan va o‘yinchilardan iborat katta o‘yindir. O‘yinda omad, g‘irromlik va raqibning kutilmagan haraktlariga o‘xshash tushunchalar bo‘ladi. Uni qanday bo‘lishini oldindan aytib berish qiyin va u shunisi bilan qiziq. Orzularingiz sari odimlang
Men yoshligimda orzularim sari harakat qilmaganimdan afsuslanaman. Men universitetga o‘qishga kirishni orzu qilardim. O‘shanda o‘zimga ishonganimda, o‘qishni bitirib qaerga joylashaman, deb o‘ylamaganimda bugun boy va xotirjam yashagan bo‘lardim.
Ortga qaytib yigirma yoshli o‘zim bilan suhbatlashishni istayman. Men barchasini boshidan boshlashni, ikki karra o‘ylab ko‘rishni, qimmat kredit olib o‘zimga yoqmaydigan joyda o‘qishning oldini olgan bo‘lardim. Men o‘qishga ketgan pulimni, o‘zim qiziqqan biznesga tikardim va bu men uchun haqiqiy hayot maktabi bo‘lardi. Yoki umuman boshqa mutaxasislikka, masalan, ssenariynavislikka o‘qirdim. Kim biladi, balki men dunyoga qandaydir bir shedevr asar taqdim etarmidim? Vaqtingizni farzandlaringiz bilan o‘tkazing
Mening eng katta armonim bolalarim bilan ko‘p vaqtimni o‘tkazmaganimdir. Chunki aksar vaqtim ish bilan o‘tardi va men buni erkaklik vazifam, deb hisoblardim. Afsuski, yanglishgan ekanman.
O‘tmishga qaytib bo‘lmaydi va men ulg‘ayib qolgan hamda o‘zlarini ishga urgan bolalirimdan mening xatoimni qaytarmasliklarini so‘rayman.
Men bir kishidan, o‘zimning rafiqamdan minnatdorman. U men ish bilan band bo‘lganimda o‘zining qimmatli vaqtini bolalarimizga bag‘ishladi. Agar biz oilaviy suratlarimizni tomosha qiladigan bo‘lsak, u yerda kimdir yetishmayotgandek bo‘ladi. Ya’ni men…
Agar farzandlaringiz bo‘lsa, ular sizning asosiy maqsadingiz bo‘lsin. Maktab tadbirlarida, sport musoboqalarida, oilaviy sayohatlarda xullas, farzandlaringiz ishtirokidagi barcha ishlarda qatnashing. Aziz o‘quvchi, bu haqda siz nima deb o‘ylaysiz?