Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Obid Asomov: “zamonaviy an’analarni aynan ayollar o‘ylab topishyapti”


O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov bugun “Darakchi” mehmoni. Bu san’atkorni ko‘pgina yosh ijodkorlarning ustozi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ijodiy faoliyati davomida, qiziqchilik, aktyorlik, xonandalik, rejissyorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan so‘z ustasining gazetamizga bergan eksklyuziv intervyusida ijodi, hayoti va bugungi kundagi muammoli masalalarga bo‘lgan munosabatini bilishga qiziqdik...

— Ishingiz juda ko‘p bo‘lishiga qaramay vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

— Men ham bugungi diydordan juda xursandman. Aytganingizdek, ishlar juda ko‘p. Masalan, ayni kunlarda asosiy e’tiborimni dekabr oyida bo‘lib o‘tilishi rejalashtirilayotgan konsertga qaratganman. 2017 yilning eng so‘nggi kunlarida, xalqimiz kutgan konsertimni taqdim etaman. Shunga yarasha tayyorgarilik ham puxta. Ungacha esa respublikamizning har bir viloyatini konsert dasturim bilan kezib chiqish niyatidaman. Oktabr va noyabr oyida to‘liq gastrollar bilan band bo‘laman. Sababi hammaning ham poytaxtga kelib konsert ko‘rishga imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham konsertni hududlardan boshladim.

— 24 sentabr kuni, shaxsan siz kutgan yana bir voqea —“Ada emas, dada” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi...

— Birinchi filmimiz “Tohir va Zuhra”ning 10 yiligi arafasidassenariy muallifi Madina Mo‘minova bilan ikkinchi filmga qo‘l urgandik. Lekin “Ada emas, dada”, “Tohir va Zuhra” filmini taqdim etganimizga yigirma yil bo‘lganda namoyish etildi. Aytmoqchimanki, haqiqatdan ham bu voqeani juda uzoq kutdik. Aniq aytadigan bo‘lsam, ijodiy guruhimiz bilan o‘n yil oldin yig‘ilib, tasvirga olish ishlarini boshlagandik. Uni uch yil davomida suratga olgan bo‘lsak, 2010 yil, ya’ni yetti yil avval, film tayyor bo‘lgan. Lekin vaqti-soati endi ekan, bunga sira achinmayman. Asosiysi, filmimiz xalqimizga yetib bordi.

— Oradan ancha vaqt o‘tdi. O‘n yil avvalgi film voqealari bugungi tomoshabinni qiziqtiradi deb o‘ylyasizmi?

— O‘rinli savol bo‘ldi! Yuqoridagi gaplarimni o‘qiganlarni ham shu masala ikkilantirishi tabiiy. Lekin filmimizni prokatga tayyorlash davomida juda ko‘p kinoijodkorlarga, bu sohaning eng tajribali vakillariga ko‘rsatib, birinchi o‘rinda ularning fikrini bildim. Ochig‘i, ularning gapi meni juda quvontirdi. Ko‘pchilik “Obid aka, bu kino o‘n yil avval suratga olingan, demaganingizda, o‘zimiz sezmasdik” deyishdi. Bilasizmi, kartinadagi voqealar, muammolarga bo‘lgan munosabatlar bugungi kun siyosati, muhtaram Prezidentimiz yo‘lga ko‘yayotgan tizimga juda mos tarzda ishlangan. Ya’ni zamonimizdagi ayrim kamchiliklarni kulgu yo‘li bilan ko‘rsatishga urundik. O‘zbek madaniyati, tilini buzmaslik, ommaviy madaniyatga qarshi kurashish, oiladagi tarbiya, insoniy munosabatlardagi muammoli masalalarini olib chiqqanmiz. Ularga qaysidir ma’noda yechim topishga harakat qildik.

— Aktyorlarning tashqi ko‘rinishi ham o‘n yil avvalgidek emas. Filmni qayta montaj qilishga to‘g‘ri kelmadimi?

— Kartinamizni “qaychilamaslikka” harakat qildik. Film rejissyor uchun farzanddek gap. U tug‘ilib bo‘ldimi, qayta tegish kerak emas. Boricha namoyish etamiz. Lekin shuni alohida aytib o‘tishim kerak, vaqt masalasida ancha qiynaldik. Juda “ishtaha” bilan ishlagan ekanmiz, film ikki yarim soatga cho‘zilib ketgan. Bu kinoteatrlarimizdagi prokat qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun uni ikki soatga to‘g‘rilab, kesib chiqqanmiz.

— Dunyo tajribasiga nazar tashlasak, mashhur filmlarning ikkinchi qismi, birinchisining muvaffaqiyatini qaytarmagan. Nima deb o‘ylaysiz, “Ada emas, dada” musiqali filmi“Tohir va Zuhra”dek mashhur bo‘la oladimi?

— Vaqtida, shaxsan men “Tohir va Zuhra”ga film sifatida qaramaganman. Telekanal buyurtmasiga ko‘ra, ishlagandik xolos. Lekin u kutilmaganda tilga tushdi. Aytmoqchimanki, bu film haqida ham oldindan biror narsa deyolmayman. Ustiga-ustak, kartinamizga, avvalgi kinoning davomi, deb qarashning o‘zi noto‘g‘ri. Chunki “Tohir va Zuhra” voqealari mantiqan tugatilgan. Yangi kartinada asosiy aktyorlar jamoasini saqlab qolgan bo‘lsak-da, voqealar umuman boshqacha tus oladi.

— To‘ylarning dabdabali o‘tishi borasida bugun turli bahs va munozaralar ketyapti. Bu borada sizning fikringizni bilmoqchi edik.

— O‘z-o‘zidan avvalgi va hozirgi to‘ylarni solishtirishga to‘g‘ri keladi. San’atkorlarning to‘ylarga borishini olaylik. Avvallari xonandalar turnaqator bo‘lib turishmasdi. Xalqning yaxshi kuniga kelgan san’atkorlar, shaxsan o‘zim ham to‘yda kirib, yarim soat, bir soat xizmat qilgan paytlarim bo‘lgan. Bugungi to‘ylarni qarang, 10-15 xonandani chaqirib qo‘yishadi-da, hammasiga navbat yetsin deb, 6-7 daqiqadan vaqt ajratib qo‘yishadi. Xonandalar ham shunga moslab, eng mashhur qo‘shiqlarini yarimtadan kesib-kesib, diskka yozib olishgan. Bu vaziyatni chetdan kuzatsangiz, xuddi davomatni tekshirayotgan ishxonaga o‘xshaydi. Hamma davomatdan o‘tib, bir ko‘rinsa-yu, ketsa. Bunday holatda ularning hech birining san’atidan tuzuk-quruq bahramand ham bo‘lolmaysiz. Masalan men to‘yda mehmonlarni mazza qilib kuldirishim uchun kamida 25 daqiqa vaqt kerak. Ammo qo‘limga mikrofonni tutkazishadi-da, 3-4 daqiqadan keyin kelib, “Palonchi keldi, navbat kutyapti” deb pichirlab ketishadi. Bu nima degan gap? Bunga chora ko‘rmasa, bo‘lmaydi! San’atkorlarni qatorlashtirib navbatga qo‘ygandan ko‘ra, ikkitasini chaqirsin, o‘shalar to‘yga fayz kiritsin.

To‘g‘ri, hamma to‘y qilsam deydi, bu orzu-havasli dunyo. O‘zimiz ham vaqtida orzularimizni amalga oshiramiz, deb to‘yimizda qator mashinalarida yurganmiz. Lekin bu ishlar bilan hech kimga biror zararimiz tegmagan. Bugun kelin- kuyovning fotosessiyasi va sayr uchun chaqirtirilgan mashinalarni ko‘ring. Yo‘l qoidasiga amal qilishni bilishmaydi, ko‘chalarda tirbandlik hosil qilishadi. Axir har bir ishda me’yor bo‘lishi kerak-ku.

Yana bir gap, bugun oramizda, falonchidan o‘taman deb, dabdabali to‘y qilayotgan va buning oqibatida qarzga kirib qolgan katta yoshdagilar ham yo‘q emas. Nahotki, o‘sha odam o‘zining cho‘ntagiga qaramasa. Menimcha, odam har narsada nafsini tiyishi, birov bilan emas, o‘zi bilan hisoblashishi shart. Agar har bir odam o‘zini tartibga sololsa, bugungi muammolar ham sekin-asta hal bo‘ladi. Masalan, yaqinda qizimni uzatdim. Ochig‘ini aytish kerak, marosimlarni o‘tkazishda imkoniyatimdan kelib chiqdim. Challari va unda keyingi ortiqcha tadbirlarni umuman qilmadik. Rahmatli otam “O‘g‘lim, xotin kishi bilan maslahatlashma, cho‘ntak bilan gaplash” derdilar. Bu gap bugungi kunga juda mos kelyapti-da. Rostdan ham erkaklarimiz, sharoiti ko‘targanini qilsa, sarf-xarajatlar ham kamayardi. Lekin bu gapimdan aziz ayollarimiz xafa bo‘lishmasin. Chunki tan olinglar, barcha zamonaviy an’analarni aynan ayollar o‘ylab topishyapti (kuladi).

— Zamonaviy yoshlar tarbiyasining qay jihatlariga e’tibor berish kerak deb o‘ylaysiz. Chunki bugungi kunda yoshlar muammolari kam emas...

— Uch qiz, bir o‘g‘lim bor. Qizlarimni yomon tarbiya qilmadim, debo‘ylayman. Xudoga shukr, hech biri haqida salbiy fikr eshitmadim. O‘g‘lim 20 yoshda. Tarbiya usuliga kelsak, men shunchaki, eskilarning gapiga quloq tutdim. Otam bizga qo‘llagan tarbiyasini, farzandlarimga singdirdim. Ya’ni o‘zim hech qachon qizlarimga dashnom bermaganman. Onasi orqali e’tirozlarimni yetkazardim. Va shuning o‘zi yetardi. Farzand tarbiyasida ortiqcha erka-tantiqlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bugungi yoshlarning internetdagi faolligiga to‘xtalsak, har bir ota-ona ma’lum yoshgacha farzandining qanday saytlarga kirayotganini, ko‘proq qaysi mavzularga qiziqayotganini nazorat qilib turish kerak. Men ham o‘z vaqtida o‘g‘limning telefonini tekshirib turganman. Chunki bugun atrofimizda sodir bo‘layotgan salbiy voqealardan bolamizni asrashga mas’ulmiz. Bu bilan odamlarga bola tarbiyasi bo‘yicha aql o‘rgatmoqchimasman. Lekin “qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naql bor. Shuning uchun hammamiz oilamizda intizomini mahkam ushlab, farzandimiz oldidagi mas’uliyatni unutmasligimiz kerak.

— Hamkasblaringizga, sizning yo‘nalishingizda faoliyat yuritayotgan yoshlarning ijodiga munosabatingizni bilmoqchi edim...

— “Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak” deyishadi. Birinchi o‘rinda har bir ijodkorning ishida omad qilayman. Barchasi ham harakat qilyapti, yangilik qilishga urunishlar bor. Ammo hozir ularning ismini keltirib, gazeta orqali kamchiliklarini aytishni istamasdim. Shunday bo‘lsa ham e’tiborimni tortgan asosiy gapga to‘xtalaman. Bugun bir necha kunlar davomida konsert berib, zalni to‘ldirayotgan qiziqchi guruhlar va televidinieda chiqish qilayotganlari orasida profesionallari juda kamligi achinarli hol. Ularning deyarli hammasi boshqa sohada ishlab, qiziqchilikka kelib qolganlar. Shuning uchun ham ayrimlarining chiqishlarini ko‘rish befoyda. Kulgili emas! Qiziqchilik — bachkanalikka aylanib qolgandek. Vaholangki, kuldirish uchun ham odam aqlini ishlatishi kerak! Odamlar kulyapti, deb duch kelgan mavzuni sahnaga olib chiqish — san’at emas! Yosh ijodkorlarning gaplarini eshitib, choyxonadagi do‘stlarning suhbatini eshitayotgandek bo‘laman. Sahna bu choyxona emas. Ular ana shu muhim chegarani bilishsin!

Yana bir kamchilik, yoshlarning maqsadi — tezroq konsert berib, pullarni yig‘ib olish va boy bo‘lishdir. Ularga aytar gapim, agar yaxshi san’atkor bo‘lsang, pulning o‘zi seni quvib yuradi. Faqat buning uchun izlanish, mehnat qilish va eng asosiysi ustoz ko‘rish kerak. Xalqimizda “Ustoz ko‘rmagan shogird, har maqomga yo‘rg‘alar” degan naql bekorga aytilmagan.

Shu mavzuda, bir taklifim bor edi. Bugun san’at institutida, qiziqchilik guruhlarini tashkil etish kerak. Hamda shu sohaga qiziqqanlar, tamoshabinni kuldirishni istovchilarga, bu sohadan saboq berish lozim. Ana shunda professionallar ko‘payadi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda juda faol san’atkorlardansiz. Bundan maqsad nima?

— Bu xalq bilan yaqinroq bo‘lishning bir yo‘li. Bundan tashqari, ijodimizdagi yangiliklarni ham yetkazib turamiz. Lekin tan olishim kerak, shu telefonga juda bog‘lanib qolganman. Yarim soat ko‘zimga ko‘rinmay qolsa, qidirib qolaman. Har bir yaxshi narsaning, bir kamchiligi bor, deganlaridek telefon odamni o‘ziga juda bog‘lab olgan.

— Bugun oltita nabiraning bobosisiz. Ular haqida ham gapirib bersangiz...

— Balki hozirgi gapim birovlarga erish tuyilar, lekin men bugun haqiqiy yoshim nechchida ekanini unutganman. Nazarimda, 30-35 yoshlardaman (kuladi).Bunga bola bilan birga bolaga aylanish qobiliyatim ham borligi sabab bo‘lsa kerak. Nabiralarim uyga kelsa, umuman boshqa odamga aylanib qolaman. Bolalarga mo‘ljalangan qurilmalarni birga yasaymiz, hovuzda birga cho‘milamiz hatto ot bo‘lib ham birga chopamiz (kuladi). Nima so‘rashsa, hammasini bajarishga tayyorman. Albatta, kerak payti dakki ham beraman. Buni o‘zlari ham yaxshi bilishadi.

— Farzand va nabiralaringizning baxtini ko‘rib yuring. Suhbat uchun tashakkur!

— Hamma o‘zi o‘ylagan orzulariga erishsin. Sizlarga ham rahmat!

Filmida 200 kishidan iborat massovka ishlagan.

“Ada emas, dada” musiqali filmida 20 ga yaqin xonanda dunyo klassika durdonalaridan 10 ta duet qo‘shiq kuylashdi.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Fotomuxbir Islom RO‘ZIEV



Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 3380 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Obid Asomov, ayolllar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 14:37
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное