Keyingi paytda O‘zbekistonning turli hududlari, xususan, Toshkent shahrida benzin taqchilligi yuzaga kelib, AYoQShlarda navbat ko‘paydi. “O‘zneftmahsulot” AK mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi, deya xabar beradi kompaniya matbuot xizmati.
“Respublikamizning ayrim hududlaridagi, shu jumladan, Toshkent shahridagi ba’zi AYoQShlarda avtobenzinga bo‘lgan navbat ko‘payib, aholiga muayyan darajada noqulaylik tug‘dirmoqda va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Tahlillarimizga ko‘ra, bunday holatga ayrim shov-shuv ishqibozlarining “Yonilg‘i ishlab chiqarish kamayib ketganligi sababli, avtobenzin taqchilligi yuzaga kelib, uning narxi oshar ekan”, degan uydirmalariga ishongan ba’zi hamyurtlarimizning avtobenzinni mumkin qadar ko‘proq zaxira qilib olishga harakat qilayotganligi ham sabab bo‘lmoqda”, — deya ta’kidlanadi bayonotda.
“O‘zneftmahsulot” AK vakillarining ishontirishicha, “mamlakatda avtobenzin va boshqa YoMMlar ta’minoti bo‘yicha muammo yo‘q, bo‘lmaydi ham. Respublikada jahon standartlariga javob beradigan barcha yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetarli miqdorda ishlab chiqarilmoqda. Neft xomashyosi nafaqat mamlakat ichki ehtiyojini qondirish, balki muayyan miqdordagi yonilg‘i-moylash mahsulotlarini eksport qilish uchun ham yetarli miqdorda qazib chiqarilib, qayta ishlanmoqda”.
Ayni kunlarda yuzaga kelgan mazkur muammoni hal etish, kamchiliklarni bartaraf etish, aholini avtobenzinga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “O‘zneftmahsulot” AK avtomobilga yonilg‘i quyish jarayonida iste’molchilar, shuningdek, yonilg‘i quyuvchilarning tashmachilik va chayqovchilik ilinjida amalga oshirilayotgan harakatlari yuzasidan joylardagi vakillari, nazorat organlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zdavneftgazinspeksiya” (268-04-50) va kompaniya (231-14-21) ishonch telefonlariga ma’lum qilish, turli shov-shuvlarga ishonmaslikni so‘ragan.