Bugungi kunda yurtimizdagi “UzGazOil” avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida belgilangan narxdan qimmatroqqa “tijoriy” benzin sotish holatlari uchramoqda. 1 litr AI-80 rusumli avtobenzin narxi 2030 so‘m qilib belgilangan bo‘lsa, shoxobchada 3000 so‘mdan sotilmoqda.
Ushbu savolga javob olish maqsadida “O‘zneftmahsulot” aksionerlik kompaniyasi bilan bog‘landik. Kompaniya vakilining Kun.uz saytiga ma’lum qilishicha, mazkur turdagi avtobenzin yurtimizdagi yirik kompaniyalar tomonidan xorijdan import qilinib, mavjud neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlangan neft xom ashyosi asosida olinmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijozati bilan xorijdan import qilingan neft xom ashyosidan qayta ishlab olingan avtobenzin “UzGazOil” shoxobchalarida tijoriy tannarxida sotilmoqda”, - dedi kompaniya vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatimizdagi konlardan qazib olingan neftdan qayta ishlab olingan avtobenzin odatdagi narxda sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Toshkent shahrida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi navbatlarga kompaniya vakili shov-shuvlar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, haydovchilar benzin tanqisligi haqidagi shov-shuvlarga ishonib, zaxira jamg‘arishga tushgan. Aslida esa Toshkent shahriga har doimgi me’yorda neft mahsulotlari yetkazib berilmoqda.