Hafta davomida ob-havo iliq va quruq bo‘ladi, deb xabar bermoqda Respublika Gidrometeorologiya markazi.
Qayd etilishicha, 12-sentabr kuni kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha Volga bo‘yi hududlaridan kirib kelgan sovuq antisiklon natijasida 23-28 daraja atrofida bo‘lgan harorat bilan nisbatan salqin ob-havo saqlanib turadi. Ba’zi joylarda shamol 15-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Respublika bo‘yicha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va respublikaning tog‘li hududlarida biroz yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Respublika bo‘yicha 13-sentabrda kechasi va ertalab sovuq antisiklon ta’siri saqlanib turadi, havo harorati 10-13 darajani tashkil etadi. Kunduzi antisiklon respublika hududidan chekinishi boshlaydi va havo 28-30 darajagacha isiydi.
14-sentabrdan va ish haftasining oxirigacha respublika bo‘yicha asosan quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechalari havo harorati 12-17 daraja, kunduz kunlari 29-34 daraja atrofida bo‘ladi.