Interer ham zamonaviylashgan — mashina audiotizimni boshqarish moduliga ega yangi uch kegayli rul chambaragi va iqlim nazorati bloki nisbatan qulay bo‘lgan hamda shaklan o‘zgargan markaziy konsol bilan ta’minlangan.
Krossoverdagi eng asosiy yangiliklardan biri — unga ham iOS, ham Android operasion tizimida ishlovchi smartfonlar bilan to‘liq integratsiyalasha oladigan, sensor ekrani 7 dyuym bo‘lgan ikkinchi avlod MyLink multimedia tizimi o‘rnatilganidir.
Smartfonni tizimga ulab, MyLink bilan uyg‘unlikda ishlay oladigan mobil dasturlar (masalan, xaritalar va navigatsiya dasturlari)dan foydalanish, qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, fotosuratlar va videoroliklarni tomosha qilish mumkin. Shuningdek, ovoz bilan boshqarish imkoni ham bor.
Captiva’ning xavfsizlik tizimi orqa eshikka o‘rnatilgan orqa tomonni ko‘rsatuvchi kamera bilan to‘ldirilgan. Mashinada old va orqa chiroqlarning avtomatik yonishi va o‘chishini nazorat qilib turuvchi tizim ham bor.
Mahalliy bozorda yagona — LTZ komplektatsiyasida taklif qilinadigan avtomobilda odatiy charm salon va yon tomonda po‘lat zinapoyalar bor. Avvalgidan farqli o‘laroq, xaridorlarga yana qo‘shimcha to‘rt xil rangdagi Captiva taklif qilinmoqda. Mashina avvalgidek — hajmi 3 litr, quvvati 258 ot kuchiga teng bo‘lgan 6 silindrli dvigatel va olti bosqichli avtomat tezlik uzatish qutisi bilan ta’minlangan.