O`zbek kinosida o`z o`rniga ega bo`lgan taniqli aktyor va kaskadyorlarning olgan ilk gonorarlari qancha bo`lgan.
Daryo.uz nashri ular o`rtasida so`rov o`tkazib, ularning ilk gonorarlari miqdori qancha bo`lgani bilan qiziqdi.
Aktyor va kaskadyor Alixan
Birinchi gonorarimni AQShda, 2009—2010 yillarda suratga olingan «Twilight» (ruscha «Sumerki») filmidagi ishtirokim uchun olganman. Filmdagi ommaviy sahnadan sal kattaroq ijroim uchun kuniga 250 dollar — uch kunda 750 dollar gonorar berishgan.
Aktyor Javohir Zokirov
Ilk olgan gonorarim esimda yo`q, ammo 1998 yilda suratga olingan «Bo Ba Bu» nomli filmdagi ishtirokim uchun 1000 dollar olganman.
Aktyor Yigitali Mamajonov
Ilk olgan gonorarim esimda yo`q-ku, ammo institutning ikkinchi kursida o`qib yurgan vaqtimda rol o`ynagan dastlabki filmlarimdan biri — «Yozsiz yil»dagi (2012 yilda suratga olingan) ijroim uchun 750—800 ming so`m atrofida gonorar olganman.
Aktyor Akbarxo`ja Rasulov
Kinodagi ilk rolim uchun qancha gonorar olganimni, to`g`risi, eslay olmayman. Ammo 12 yoshimda «Kelajak tongi» radiostudiyasida suhandon sifatida ishlab, 244 so`m gonorar olganim yodimda.
Aktyor Mirolim Qilichev
Birinchi — 150 ming so`mlik gonorarimni xonanda Murodbek Qilichevning «Baxt tilarman» nomli qo`shig`iga ishlangan klipida suratga tushganim uchun olganman. Bu o`sha vaqt uchun yaxshigina katta pul edi. «Uqubat» nomli filmda suratga tushganim uchun 1,2 million so`m gonorar olganman.