To‘y o‘tdi. Ilk uchrashuvdagi entikishlar, bog‘larda sayr qilish, kinoga, ko‘ngilochar joylarga borish ortda qoldi. Endi oilaviy hayot boshlanadi, ayol kishi erkakni bir umr yonida olib qolish uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. “Sosmo.ru” nashri bu boradagi maslahatlarini siz bilan o‘rtoqlashadi. Qanday qilib erkakni bir umr sevdirish mumkin?
Avvalo gapni “Qanday qilib, erkakni bir umr sevdirish mumkin?” degan savol ustida to‘xtalsak. Bu savolning o‘zi erkakning erkini, ozodligini chegaralab qo‘yayotganday tuyuladi. Shuning uchun savolni boshqacha qo‘yish lozim: “Qanday qilsam erim doimo yonimda bo‘lishni istaydi?” va bu haqda o‘ylab ko‘rish lozim.
• Uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlang. Har qanday erkak o‘zini va qiziqishlarini hurmat qiladigan ayolni e’zozlaydi. Mabodo u kechqurun pivo ichib, futbol tomosha qiladigan bo‘lsa yoki do‘stlari bilan kompyuter o‘ynasa, bu harakatlar sizga qanchalik yomon tuyulmasin, uni kamchilik deb qabul qilmang. Yaxshisi, pivoga gazak uchun biror nima tayyorlang yoki kompyuter uchun yangi joystik sovg‘a qiling, bundan eringizning boshi osmonga yetishi aniq!
• Betakror va yagona ayolga aylaning. Uning orzusidagi ayolga aylanishdan charchamang. Asosiysi yalqovlik qilmang. Hech kim sizdan kun bo‘yi gaz plitasi oldida turib, ovqat pishir, chuchvara tug demaydi. Eringizni har qanday sharoitda tushunishga harakat qilsangiz, eng yaqin do‘stiga aylansangiz, u bundan xursand bo‘ladi.
• Nolishni bas qiling. Eringizdan qanchalik kam narsa kutsangiz, hayotingiz shunchalik tinch bo‘ladi. Bu bilan har qanday narsaga ko‘nib, qadringizni yo‘qoting degan fikrdan yiroqmiz. Gap bu yerda muvozanat haqida ketmoqda. Eringiz bilan bir-biringizdan hech qanday qarzingiz yo‘q, shuning uchun undan biror narsa talab qilmaslikka, bor narsaga shukur qilishga o‘rganing. Bunday holat sizni urish-janjallardan xalos qiladi.
• Erkinlik bering. Bu qanchalik g‘alati eshitilmasin, eringizni yoningizda olib qolish uchun unga ko‘proq vaqt va erkinlik bering. Rashk va taqiqlar tufayli baxtli oila qurib bo‘lmaydi. Siz eringiz uchun yagona ayol ekanligingizga unutmang, asabiylashmang. Uydagi xotirjam muhit uning ishdan uyga shoshilishiga, sizga vaqt ajratishiga sabab bo‘ladi.
• O‘zingizga qarab yuring. Har bir erkak yonida go‘zal ayol bo‘lishini istaydi. U sizni tanladimi, demak siz eringiz uchun eng chiroyli ayolsiz. Eringizning tashlab ketmasligini istasangiz, go‘zalligingizni saqlashga harakat qiling. Agar ayol erining o‘zgarishini xohlasa, erkaklar aksincha, rafiqasining hech qachon o‘zgarmasligini, ilk marotaba qay holda uchratgan bo‘lsa, shundayligicha qolishini istaydi. Yillar o‘tgan sari odam o‘zgaradi, ammo mashhur ayollardan biri bu haqda shunday degan: “Yigirma yoshda tabiat tomonidan berilgan go‘zal yuzingizning ellik yoshda ham shu holatda qolishi o‘zingizga bog‘liq”.
• Munosabatlar ustida ishlash. Agar ishdan o‘lar holatda charchab kelsangiz ham, stress holatida bo‘lsangiz ham munosabatlarga putur yetkazmaslikka harakat qiling. Barcha muammolarni ishxonangizga tashlab keling, turmush o‘rtog‘ingizga zahringizni sochmang, iloji boricha, muloyim ovozda gaplashing, jilmaying. Uni tinglang, ko‘nglini olishga intiling.