YaNGI KLIPLAR YaRATISh BOBIDA ESA JUDA ChAQQON!
Nilufar Usmonova eng pozitiv san’atkorlardan biriga aylandi. Yolg‘oni yo‘q. Va’dasining ustidan chiqadi. Eng muhimi, ijodi ustida mukammal ishlamoqda. Yangi kliplarni tez-tez yaratish bobida esa eng yetakchi. Yaqindagina “Kuyla” klipini internetda keng ommaga taqdim etib, muxlislari chanqog‘ini qondirdi. Mana, yangi klip tafti tarqab ulgurmay, yana yangi klipi premera uchun tayyor! Ma’lumotlarga qaraganda, yangi sokin taronaga ishlangan klip yilning eng romantik videosi bo‘lishi kutilmoqda. Xonanda ushbu klipi uchun liboslarni tanlashda o‘zining opasi, sirdoshi va eng yaqin dugonasi deb biladigan hamkasbi Shahzoda maslahatlariga tayangan. Eng tajribali tashkilotchi-dekorator Hasan Rahimov boshchiligidagi “Festival” markazi tomonilan yaratilgan romantik ko‘rinish klipning suratga olish maydonchasini muhabbat manziliga aylantirdi! “Sevgi qissasi” deb nomlangan yangi qo‘shiq va unga ishlangan ronmantik klip yozning so‘nggi oyida otash tuyg‘uning olovini yoqadi!
Elda bir ajoyib naql bor: “Ishlagan tishlaydi”! Nilufarning samarali ijodiga bo‘lgan talab shu qadar ortmoqdaki, uning ish rejasida 2015 yilga qadar bironta bo‘sh kun yo‘q! Onasining qizi-da, el xizmatlarida odamlar ko‘ngliga samimiy yo‘l topishni qoyillatyapti. Shunchaki sahnada qotib qo‘shiq kuylamasdan, omma ichiga kirib, xizmat qilyapti. Onaxonlar, yoshi ulug‘lar duosini olib, ruhan quvvat topmoqda! Bunday chaqqonlikda u hali uncha-muncha hamkasbi yetmagan yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Ana, ko‘rasiz!