Murod Rajabov teatrdan ketishi haqida fikr bildirdi
Taniqli teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov teatrdan ketganligi haqida fikr bildirdi. Garchi u sabablar haqida ochiq gapirmagan bo‘lsa-da, ayrim ishoralar berib o‘tdi.
Ma’lumki, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatriga rahbar etib tayinlangan Rajabov bir muddatdan so‘ng u yerdan bo‘shab ketdi. Bu voqea matbuotda va xalq orasida turli mishmishlar tarqalishiga, jumladan, ayrim san’atkorlar yangi rahbar bilan kelisha olmay, ustidan “yoz-yoz” qilgani qizg‘in muhokamaga olib keldi.
“Muqimiyga rahbar bo‘lish taklifi berilganda ikkilanmadim. Chunki teatr asli qanday dargoh, bugun Muqimiyga nima yetishmayotgani, u yerdagi tartib qanday bo‘lishi kerakligini yaxshi bilardim. Shuning uchun ham u yerda ishlash men uchun qiyin bo‘lmadi”, – deydi san’atkor “Darakchi” gazetasiga bergan intervyuda.
“Teatrdagi aksariyat aktyorlarning gaplariga, men haqimdagi yozgan arizalariga qo‘l siltadim. Ularga insofdan, odamgarchilikdan ma’ruza o‘qigandan nima foyda? – so‘zida davom etadi u. – Hammasini vaqtning izmiga tashladim. Odamlarning nazarida men teatrdan aktyorlar, jamoamning shikoyati sabab ketgan bo‘lib ko‘rinishim mumkin. Biroq buning asl sabablari umuman boshqa. Buni xalq bilishi shart emas, menimcha.
Jamoamning shikoyatlariga kelsak, uni o‘qib, to‘g‘risi, jahlim ham chiqmadi. Shunchalik kurakda turmaydigan gaplarni qanday yozish mumkin, deb kuldim xolos”.