Murod Rajabov Saida Rametova ishtirokida tarqalgan videoga o‘z munosabatini bildirdi
O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov Saida Rametova ishtirok etgan videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi xususida “Bekajon” gazetasiga o‘z fikrini bildirdi.
“Aynan ijtimoiy tarmoqlar qanchadan qancha odamlarni sharmanda qilyapti. Mana, yaqinda Saida Rametova haqidagi videolar chiqib ketdi. U nima qilgan bo‘lsa, shaxsiy ishi, shuni atay tarqatish shartmidi? Yoki boshqa soha vakillari ichida bunday ko‘rinishlar yo‘qmi, uchramaydi deysizmi? Shaxsan o‘zim shunday manzaralarning guvohi bo‘lganman. Ular haqida hech kim gapirmaydi-ku. Ammo boshqa tomondan oladigan bo‘lsak, san’atkorlar har qalay madaniyat targ‘ibotchilari, ulardan yoshlar o‘rnak oladi degan tushunchalar ham bor-da... Shu tomonini o‘ylaydigan bo‘lsam, Saida Rametovani oqlamayman. Birinchi marta eshitganimdayoq bekor qilibdi, degandim. Mayli, ayb Saidada ekan, o‘sha videoni telefonlarga tarqatishning nima keragi bor edi? Shaxsan men ba’zi bir videolarni olib kelib ko‘rsatishsa, qaragim ham kelmaydi, qiziqmayman. O‘sha videolarni tarqatib, odamlarning puli ko‘payib qoladimi, tushunmayman. Ularga nima beradi bu? Barchasi ahmoqona o‘yindan boshqa narsa emas. Bilasizmi, nafs quliga aylanmagan odamlar bu dunyoda juda kam, o‘ntadan bittasigina o‘zini tiya olishi mumkin”.