O‘zbekiston
xalq artisti Murod Rajabov "Muqimiy” musiqali drama teatri rahbari lavozimidan
3-mart kuni ketdi. 2010-yildan beri teatr jamoasiga rahbarlik qilib kelgan
Rajabov teatrdagi "o‘zaro ichki nizo” sabab iste’foga chiqqan.
Sayyod.Uz’ning
yozishicha, hozirgi vaqtda teatr jamoasi ikki guruhga ajralib qolgan. Bir guruh
aktyorlar O’zbekiston xalq artisti Mirza Azizov atrofida birlashib, Murod
Rajabovning ketishiga sabab bo‘lgan, boshqa bir guruh esa aynan Rajabovning
tarafini olib chiqmoqda. "Arizalar ketma-ketligi turli mutasaddi idoralaru,
huquqni himoya qiluvchi organlar eshigini ‘taqillatmoqda’”, – deb yozadi sayt.
Xabar
berishlaricha, fevral oyida Mirza Azizov "Hordiq” gazetasiga "Komediyani
oyoqosti qilib bo‘ldik” nomli intervyu bergan. "Teatr xodimlari bu intervyudan
o‘zini haqoratlangandek, teatr sha’niga dog‘ tushirishdek qabul qilmoqda”, – deb
yozadi.
Murod
Rajabovning yonini olayotgan aktyorlar, xususan, O‘zbekiston xalq artisti Noila
Po‘latovaning so‘zlariga ko‘ra, Rajabovning rahbarlik davrida teatr rejasi 148
foizga o‘sgan, teatrning o‘zida axloqsizlik, buzuqchilik va "hatto
ichkilikbozlik”ka ham chek qo‘yilgan.
"Hozirgi
vaqtda teatrdagi holatni achinarli deyishmoqda. Aktyorlar istalgan liboslarida
sahnaga chiqib ketishi va ssenariydan ham chetlashib, og‘ziga kelgan narsalarni
aytib yuborishi holatlari yuz berayotganini ta’kidlashmoqda”, – deb yozadi
Sayyod.