Klipmeyker, prodyusser, operator, aktyor, kaskadyor va eng asosiysi, baxtli oilaning sultoni! U Malikasini bir ko`rishda sevib qolgan ekan. O`ziga o`zi sovchi bo`lgani, to`y kunidagi hangomalarini eshitsangiz, sarguzasht asar o`qigandek bo`lasiz. Loyihamizning navbatdagi ishtirokchilari Malika va Narimon Sultonxo`jaevlar bilan bo`lgan suhbatimiz sizni hayron qoldiradigan, o`ylantiradigan va quvnoq kayfiyat ulashadigan lahzalarga boy bo`ldi.
— Narimon, muhabbatingizni suratga olish maydonchasida uchratgan ekansiz?
Narimon: — Suratga olish maydonchasidagi uchrashuvimiz sal keyinroq bo`lgan. Ilk bor Malikani Mavluda Asalxo`jaevaning klipida ko`rganman. Bir qarashdayoq shu qizga qandaydir mehrim tushib qolgan. Keyin u haqida surishtirdim. Dizayner Hilola Sher bilan yaqin dugona ekanligini bilib, «Nima qilib bo`lsa ham, shu qizni suratga olish maydonchasiga olib kelasan», dedim. Yaqindan tanishish maqsadida Munisa Rizaevaning «Bollivud-Gollivud» nomli qo`shig`iga ishlanayotgan klipga taklif qildim. «Akasi ruxsat bermayotgan ekan» deyishlariga ham qaramay, «Ko`ndir, bir ilojisini top», deb Hilolani holi-joniga qo`ymagandim. Uchrashuvimizga ham aynan Hilola sababchi bo`lgan. Xullas, Malika kelgan. U yoq-bu yoqdan gapga solaman, qani endi biror nima desa. «Ha», «Yo`q»dan nariga o`tmaydi. Ichimda «Kamgapgina ekan, ayni menbop», degandim.
— Nega aynan Malika? Axir klipda suratga tushadigan qizlar kammi?
Narimon: — U tasavvurimdagi idel ayol obraziga mos keldi. Avvaldan taqdirimni bog`laydigan ikkinchi bo`lagim maqtanchoqlikdan yiroq, kamgap, sabrli, odobli va chiroyli bo`lsa derdim. Lekin hamma hislatlarni o`zida mujassamlashtirganini uchratmaganimdan so`ng bunaqasi yo`q ekan-da, deb shashtimdan qaytgandim. Malikani uchratganimda esa unda o`zim izlagan barcha fazilatlarni ko`ra olganman. Meni o`zimga rom qilgani ham shu.
— Narimon haqidagi ilk taassurotingiz qanday bo`lgan?
Malika: — Menda aksincha, Narimon aka tasavvurimdagi yigit obraziga mos kelmasdi, ochig`i (kuladi). Uchrashuvimizga qadar Narimon Sultonxo`jaev degan klipmeyker borligini bilmaganman ham hatto.
— Fikringiz o`zgarishiga nima turtki bo`ldi?
Malika: — Onam «Haqiqiy muhabbat to`ydan keyin boshlanadi. Muhimi, erkak kishining sevgisi, mehri e`tibori. Biz — ayollar ko`nikuvchan bo`lamiz», deb aytardi. Yosh edim, lekin volidamning so`zlariga kirib, to`g`ri qilganimni bugun anglab etayapman.
Narimon: — S`yomka jarayoni tugagach, onam va buvim rahmatli bilan maslahatlashib, Malikalarnikiga sovchilikka borganmiz. Buvimga «Siz boshlab bering, qolganini o`zim davom ettiraman», deganman. O`zim uchun o`zim gapirib, non sindirib, to`y kunini ham belgiladim. Qaynonam meni bir ko`rishdayoq yoqtirib qolgan. Shu sababli Malikaga «Yaxshi yigit, rozi bo`laver», degan-da.
Malika: — Aslida, to`yimiz uch oydan keyin bo`lishi kerak edi. Narimon aka qo`ng`iroq qilib, «Yigirma kundan keyin to`y!» deganida men ham, yaqinlarim ham shoshib qolganmiz.
Narimon: — Fikru xayolim to`y bilan band bo`lib qolgani uchun qo`lim ishga bormay qolgan. Shuning uchun tezlashtirganman.
— Sevgi qissangizda dil izhori qachon yangradi?
Narimon: — «Seni sevaman!» deb butun olamga jar solmaganman. Uchrashuvga chiqqanimizda sovg`a-salomlarimni berganman-da, «Yaxshi-yomon kunimda hamisha yonimda bo`lishga tayyormisan?» deb so`raganman. Sukut saqlagan. «Ko`ngling bo`lsa, rozi bo`l. Agar ishonching bo`lmasa, hali ham kech emas», deya aytganim ham yodimda.
— Uylanish qaroriga kelishdan oldin rafiqangizni sinaganmisiz?
Narimon: — O`qishidan chiqishida kutib olib, Yunusoboddan to «TTZ» dahasigacha piyoda kelganmiz. Yuribmiz-yuribmiz, qarasam uyiga ham etay, deb qolibmiz. Panaroqda Mirjalol do`stim mashinada bizni kuzatib kelayapti. Unga avvaldan tayinlab qo`ygandim, «Ishora bersam, kelasan» deb. Oyoqlarim toliqqanidan Mirjalolni imlab chaqirganman. «Yur, mashinada ketamiz», deganimda «Ozgina qoldi-ku» deb oxiyri uyigacha piyoda olib borgan. Sabrini sinamoqchi bo`lgandim. Chunki turmushning og`ir-engili bo`ladi, irodasi etarmikan deganman-da.
— To`y kuni rafiqangizga atab qo`shiq kuylagan ekansiz?
Narimon: — Ha, Tohir Sodiqovning «Umrimda birinchi bor...» deb boshlanadigan ashulasi bor-ku, o`shani. O`zimizni-o`zimiz tabriklaganmiz. Avvaldan to`yimda maza qilib raqsga tushaman, xursandchilik qilaman, deb niyat qilardim. Axir to`y bir marta bo`ladi! Yasatilgan qo`g`irchoqdek o`tirish nimasi?
— Uylanganingizdan keyin kun tartibingiz o`zgardimi?
Narimon: — Uylanishimdan avval asosiy vaqtim ijod qilish bilan o`tardi, yigitlar bilan ijaraga olgan ofisda «yashardik». Ijodiy guruhimizdagi yigitlar Sanjar Matkarimov, Muhammadali Iskandarov, Sasha Kim va Maksim Borisov uchun ofis bo`ydoqlar hujrasi edi. Mendan avval Maksim uylandi. Bir kuni ofisga kelib, «Yigitlar uylanayapman» degan-da, narsalarini yig`ishtirib ketgan. Undan keyin bu an`anani men davom ettirdim. So`ngra qolgan yigitlar ham oilali bo`lishdi. Xullas, bo`ydoqlar ro`yxati yakunlanib, ofisni ham topshirib yubordik. Olaxurjun elkamga tushgach, uyga erta qaytadigan bo`ldim. O`sha damlarni hali ham kulib eslayman.
— Rafiqangiz iqtisodchi. Oila byudjetini o`zi nazorat qilsa kerak?
Narimon: — Hisob-kitob mening qo`limda. Malika faqat sarflashni biladi.
Malika: — Pulni to`g`ri sarflashga ham uquv kerak-ku, axir!
— Malika, mutaxassisligingiz bo`yicha ishlayapsizmi?
Malika: — Hozircha yo`q. Soch turmaklash va vizaj mahorati bo`yicha dars oldim. Tikuvchilikni o`rgandim, egnimdagi ko`ylakni ham o`zim tikkanman.
Narimon: — Oyim biror joyga boradigan bo`lsalar, pardoz-andoz qilib qo`yadi. Bo`sh qolishdi deguncha, biror turmakni tajriba qilishadi. Ko`z tegmasin, qaynona-kelin juda ahil.
— Qiziq, hayotingizda rashkka o`rin qolganmi?
Narimon: — Bo`lmasam-chi?! Rashk bo`lishi kerak va shart! Ammo me`yorni unutmaslik lozim.
Malika: — Avvallari Narimon akani rosa qizg`onardim. O`g`limiz tug`ilgach, bu odatim salgina yumshadi. Hozir unchalik rashk qilmayman.
Narimon: — Homiladorligingda juda rashkchi bo`lib qolganding, eslaysanmi?! «Bunaqa rashk qilaversang, uyga kelmayman», derdim.
— Gap-so`zlaringizni tinglab, jahlingiz tez bo`lsa kerak degan taxminga borayapman.
Narimon: — Topdingiz. Yaqinlarim yaxshi bilishadi, jahlimni chiqarish kerak emas. Kimnidir qattiq ranjitib qo`yishim mumkin.
— Turmush o`rtog`ingizning ob-havodek o`zgaruvchanligiga qanday ko`nikkansiz, Malika?
Malika: — Osmonimizni bulut qoplayotganini ko`rishim bilan, jim bo`laman (kuladi).
Narimon: — Burjim egizak. Ba`zida ikkinchi Narimonning gapiga kirib, o`zimni nazorat qilolmay qolaman. Fe`limni bilganim bois birovning dilini og`ritib qo`ymay deb, harakat qilaman.
— Narimon, oshxonaga faqat ovqatlangani kirasizmi?
Narimon: — Albatta. Ayolim pazanda, pishir-kuydirni boplaydi. Juda mehrim tovlanib ketsa, tuxum qovurib beraman. Bu ishni qoyillataman.
— 2014 yil farzandli bo`ldingiz. O`g`lingiz Arslonbekning tug`ilishi biringizni ota, biringizni ona maqomiga ko`tardi.
Narimon: — To`yimizdan so`ng bir yilcha rafiqamning bo`yida bo`lmadi. Hammasi yaratganning qo`lida deb, yaxshi niyat qildik. Bolaligimdan sport bilan shug`ullanaman. O`sha kezlarda ayolimni ham o`zim bilan jismoniy mashqlarga olib borardim. Keyin homilador bo`ldi. Jismoniy faollik sog`ligini ijobiy tomonga o`zgartirgan ekan. Ota bo`lishim haqidagi xabarni eshitishni xayolan tasavvur qilardim. Lekin haqiqatan yuz berganida, rosti, qo`rqib ketdim. Ichimdan xursandman, ammo juda quvonib ketmaslik kerak, eson-omon dunyoga keltirib olsin, deb niyat qildim.
Malika: — Homiladorligimda Narimon aka atrofimda parvona bo`ldi. Tobim bo`lmaganida 17 kun o`zlari ukol qilgan, yana qoringa olinadiganini. Boshqa erkakning balki matonati etmasmidi, ammo turmush o`rtog`im shunday asrab-avaylardilarki, shunday insonga ro`baro` qilganiga Yaratganga shukrona aytardim.
Narimon: — Homiladorlikda ayollarning fe`li o`zgarib turarkan-da, ayolimda ham shunaqa holatlar bo`lgan. Ammo juda injiqlik qilib qiynamagan.
— Ilk bor o`g`lingizni qo`lingizga olganingizda nimalarni his etgansiz?
Malika: — Ko`zim yoriganini eshitgach, turmush o`rtog`im tug`ruqxonaga kelgan-da, kira solib, «Malika qani, Malika, Malika?» deb so`ragan.
Narimon: — Sendan xavotir olganman-da. O`g`limni qo`limga tutqazishganida... tasvirlab berolmayman, quvonch, hayajon, ma`suliyat — hammasi bir vaqtda paydo bo`larkan. Ko`zlari katta-katta, barmoqlari uz-u-un, bolalarga o`xshab yig`lamaydi, atrofni kuzatadi.
Malika: — O`shanda ham urishib bergandingiz, yodingizdami?
Narimon: — Urishaman-da, bolaning kiyimlarini mashinada unutib qoldirishibdi. Qish bo`lsa, sovuqda bolani qanday qilib kiyintirasizlar, nega qolib ketadi, deb jahlim chiqqan.
— Buncha talabchan bo`lmasangiz?
Narimon: — Fe`lim shunaqa. Hech narsaga befarqmasman.
— O`g`lingiz tarbiyasida ham qattiqqo`l bo`lasizmi?
Narimon: — Otam tarbiyamiga qattiq turgan. Qo`l jangi bo`yicha murabbiy, bolaligimda «Mashg`ulotga borgim kelmayapti» desam, majburlab olib ketardi. Aqlimni taniganimdan so`ng otam yaxshiyam shunday qilgan ekan, deb minnatdor bo`lganman. Sport yordamida o`zimga ishonchim oshgan, irodam mustahkamlangan. O`g`limni ham otam singari tarbiyalashni istayman. Zamonga qarab, moslashishim mumkin, asosiysi, dangasa bo`lishiga yo`l qo`ymaslik. Chunki erkak kishi dangasa bo`lib qolsa, bundan yomoni yo`q. Bobom rahmatli kichikligimizdan «Yalqov bo`lmanglar, mehnatdan qochmanglar» deb ta`kidlardi. Hovliga borsak, sira bo`sh qo`ymasdi. Shu narsa hayot tarzimga aylanib qolgan. Mehnat qilsam, barcha orzularimga erishaman. Labz qildimmi, bajarishim shart. Biror manfaat ko`rmasam ham. Kimgadir yaxshilik qilganim qoladi-ku, deyman. Kimgadir yaxshilik qilsam, albatta, o`zimga qaytadi. Bunday voqealar hayotimda ko`p bo`lgan.
— O`g`lingiz bolaligingizga o`xshasa kerak?
Narimon: — Ayniqsa, sochini kalga oldirsak, ota-bola bir xil bo`lib qolamiz.
Malika: — Oyijonim «Xuddi Narimonning bolaligi», deydi.
— Suhbat yakunida baxtli va mustahkam oila siri?
Narimon: — Hurmat va ishonch! Mana shu ikkisi oilaning baxti va mustahkamligidir!
— Oilangizga ko`z tegmasin! Hamisha bir-biringizga mehr-muhabbatda yashang!
QISQA SATRLARDA...
— Ijodkor kitob mutolaa qilishi kerak. Bu sizga qanchalik yaqin?
— Avvallari ko`p kitob o`qirdim. Hozir esa vaqtim bo`lganida, uyali telefondagi elektron nusxasini o`qib turaman. O`qishim kerak bo`lgani uchun mutolaa qilishni istamayman. Kitobni sog`inib qo`lga olsangiz, ana uning gashti boshqacha bo`ladi.
— Mashhurlik yoqimli tuyg`umi?
— Bir tarafdan yoqimli, ikkinchi tomondan yuki ham bor. Hammasi qanday qabul qilishingizga bog`liq.
— Narimon Sultonxo`jaevning hayotiy prinsipi?
— Nima bo`lganda ham, hammasi yaxshilikka bo`lishiga ishonish, faqat olg`a borish va odamlarning dilini og`ritmaslik.
— O`zingizni omadli insonlar safiga qo`shasizmi?
— Do`stlarim omadlisan deyishadi. Mehnatimga yarasha omadim ham bo`lsa kerak-da.
— 30 yosh. Bu davr haqida nima deysiz?
— Yaqinda 30 yoshga kirganda qanday o`zgarishlar bo`lishi mumkinligi haqida o`qidim. Bu yoshda ham «o`tish» davri bo`larkan. Ba`zilar hayotda hech nimaga erishmadim, deb o`ylab qolishi mumkin ekan. Lekin o`z ustida ishlashda davom etsa, harakatda tinmasa, muammo bo`lmaydi. Har qalay men shunday qilayapman. O`zimga-o`zim «Faqat oldinga, ijod qilishda davom et, semirib ketma», deb tinmay takrorlayman.
«Mo``jizalarga ishonaman...»
— Qishda mahallamizdagi hamma bolalar ko`chada chang`i uchishardi. Ular bilan birga o`ynashni xohlardim-u, ammo chang`im singandi-da. Uyda chang`imni sim bilan mahkamlardim, biroq ko`chaga chiqqach, yana sinib qolardi. Yaxmalak ucholmaganim alam qilganidan uyga kirib, derazadan osmonga qarab, yig`lardim. «Ey Xudoyim, nega mening chang`im sinib ketaveradi? Mening ham omadim kelsin» deb bolalarcha nola qilardim.
Do`stlarim omadlisan deyishganida o`sha voqeani eslayman. Hozir o`zimning farzandim bor, lekin hali ham bolalarcha mo``jizalarga ishonaman.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.