Maktablardagi qator fanlarga o‘zgarishlar kiritildi
Jismoniy tarbiya fanidan davlat ta’lim standartlariga shaxmatni o‘rganish talablari singdirildi
O‘zbekistonda majburiy ta’lim tizimi uchun umumta’lim fanlaridan davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi. Bu haqda “Jahon” AA xabarberdi.
Xabarga ko‘ra, majburiy ta’lim tizimi uchun (9+3 asosidagi) 18 umumta’lim fanidan davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi. Mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida jismoniy tarbiya fanidan davlat ta’lim standartlariga shaxmatni o‘rganish talablari singdirildi.
1-4-sinflarda matematika fanini o‘qitish mazmuniga dasturlashning ilk tushunchalari kiritilgani o‘g‘il-qizlarda informatika, axborot texnologiyalari faniga oid boshlang‘ich bilimlarni shakllantiradi. O‘quv rejasi ham yanada takomillashtirilib, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fani “Informatika va axborot texnologiyalari” deb o‘zgartirildi.
O‘quvchilarni kasb-hunarni to‘g‘ri tanlashga yo‘naltirish maqsadida “Mehnat ta’limi” fani “Texnologiya” fani deb o‘zgartirildi va bugungi kun talabidan kelib chiqib, ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarga asoslangan holda qayta ishlandi.