O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva ijtimoiy sohada faol vakil sifatida namoyon bo‘lib kelgan.
Lola Karimova-Tillyayeva — “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi. Shuningdek, u yaqinda asos solingan Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi hamdir.
Bundan tashqari, Lola Karimova-Tillyayeva O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili sifatida ham faoliyat yuritardi.
Bugun, 28 avgust kuni Samarqandda o‘tkazilgan islom madaniyati va O‘zbekistonning ilm-fan merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Lola Karimova-Tillyayeva YuNESKOdagi faoliyatini yakunlashi haqida ma’lum qildi.
“Men YuNESKOda vakil sifatidagi faoliyatimni yakunlamoqchiman. Asosiy e’tiborimni oilam, shaxsiy qiziqishlarim va Islom Karimov fondi tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga va boshqa ijodiy, madaniy va xayriya tadbirlariga qaratmoqchiman”, deya chiqish qildi Lola Karimova-Tillyayeva.