Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Savol: Bu kasallikka chalinganlar uncha ko‘p emas. Vafot etayotganlar ham kasallikka chalinganlarga nisbatan solishtirilsa, ozchilikni tashkil qilmoqda.
– Javob: «Endi Alloh sizlarning (yukingizni) yengil qildi, sizlarda ojizlik borligini bildi» (Anfol surasi, 66-oyat).
2. Savol: Ushbu kasallikdan saqlanishning yo‘li sanitariya- gigiena qoidalariga rioya qilishda ekan. Biz buni qanday amalga oshiramiz?
– Javob: «Yuzlaringizni hamda qo‘laringizni yuvingiz» (Moida surasi, 6-oyat).
3. Savol: Kiyimlarimiz orqali ham ushbu kasallik yuqishi mumkin ekan. Bundan saqlanishning yechimi qanday?
– Javob: «Liboslaringizni pok tuting!» (Muddassir surasi, 4-oyat).
4. Savol: Zarurat bo‘lmasa ham ko‘chaga chiqish joizmi?
– Javob: «Va o‘zingizni halokatga tashlamang!» (Baqara surasi, 195-oyat).
5. Nima uchun ba’zi kishilar ushbu kasallik borasida tibbiy tavsiyalarga rioya qilishmayapti?
– Javob: «Bunga sabab, ular anglamaydigan qavm ekanlaridir» (Hashr surasi, 13-oyat).
6. Savol: Uyda o‘tirish (karantin) tadbirkorlar va yirik korxonalarga katta iqtisodiy zarar ko‘rishlariga sabab bo‘lmoqda?
– Javob: «Agar sizlar kambag‘allikdan qo‘rqsangizlar, (bilingizki), yaqinda Alloh xohlasa, o‘z fazlu karami ila sizlarni boy-badavlat qilajak. Albatta, Alloh bilim va hikmat Sohibidir» (Tavba surasi, 28-oyat).
7. Ayrim shaxslardan tashkil topgan guruhlar odamlar orasida qo‘rquv paydo qilish, vahima tarqatish maqsadida yolg‘on (internet tilida “feyk”) xabarlarni tarqatishmoqda. Ularni bu qilmishlari uchun qanday ataymiz?
– Javob: «Qasamki, agar munofiqlar, dillarida maraz bo‘lgan kimsalar va Madinada mish-mish tarqatib yuruvchilar (o‘z qilmishlaridan) to‘xtamasalar, albatta Biz sizni ularga qarshi oyoqlantirarmiz, so‘ngra ular (Madinada) siz bilan birga tura olmay qolurlar» (Ahzob surasi, 60-oyat).
8. Ba’zilarning fikricha, koronavirus infeksiyasi dushman tomonidan laboratoriyalarda ishlab chiqilgan va atayin tarqatilmoqda ekan. Bu narsa ularning hiyla va nayranglaridan bo‘lib, bu orqali biz musulmonlarga zarba berishni maqsad qilishgan ekan?
– Javob: «Agar sabr-toqat qilsangizlar va Allohdan qo‘rqsangizlar, ularning nayranglari sizlarga hech qanday zarar qila olmaydi. Albatta, Alloh ularning qilayotgan amallarini ihota qilguvchidir» (Oli Imron surasi, 120-oyat).
9. Nihoyat, ushbu mashaqqat va muammolardan kim bizni olib chiqadi?
– Javob: «Ayting: «Sizlarga u (balo)lardan ham, barcha g‘amlardan ham Allohning o‘zi najot berur» (An’om surasi, 64-oyat).
Izoh: Qur’oni karim – bu Allohning O‘z qullariga ko‘rsatgan cheksiz Rahmati bo‘lib, u ilohiy bir mujdadir. Bu Kitobni o‘qigan sari yangi-yangi ma’nolar ochilaveradi va qiyomatga qadar butun insoniyat hayot yo‘lini yorituvchi mayoq sanaladi.
Qur’oni karim hayot yo‘lida uchrashi mumkin bo‘lgan har qanday muammo va to‘siqlarni hal qiluvchi kalit bo‘lishi mumkin, xolos.
Zarracha shubha yo‘qki, Alloh tomonidan nozil qilingan va 114 suradan iborat bo‘lgan Qur’oni karim ko‘p qirrali bo‘lib, o‘zida cheksiz va buyuk hikmat saqlagan ilohiy kitobdir.
|