«Kelinimni uzatmoqchiman» yoxud beva ayol turmushga chiqishi kerakmi?
Hayotda har xil vaziyat bo`ladi. Taqdir insonlarni turfa xil quvonchlaru dardlar bilan sinashga urinadi. Juftidan ayrilganlar, otasi yoki onasining ortidan bo`zlab qolgan bolalarning qismati hech kimni bee`tibor qoldirmaydi. Ayniqsa, beva ayolga oson emas. U kelinlik, onalik, qaynonalik kabi vazifalarni uddalaydi, ammo «boshi ochiqlik»ning sinovlari nozik elkasiga og`irlik qilishi turgan gap.
1-vaziyat: O`n uch yildan so`ng chalingan haydalish kuyi
Munira ikki qizi bilan o`ttiz yoshida beva qoldi. Turmush o`rtog`i Karimjon avtohalokat tufayli vafot etgan. Tog`ni talqon qiladigan o`g`lining juvonmarg bo`lgani ota-onaning dilini pora-pora qildi. Ammo taqdirga ko`nmoqdan o`zga chora yo`q. Qaynota-qaynona maslahatlashib, keliniga hovlining burchagidan katta tandir qurib, novvoylikni o`rgata boshlashdi. Uyidan chiqmasdan ishlashi, qizaloqlarining oldida bo`lishi Muniraga ma`qul tushdi. Dardiga biroz bo`lsa-da, malham topish ilinjida jon-jahdi bilan bu hunarni o`rgana boshladi. Buni qarangki, ikki yil ichida kichik kelin oilaning asosiy daromad topuvchisiga aylandi. Novvoylik ortidan hovli qayta ta`mirlandi, qaynaka engil mashinali bo`ldi. Yillar esa yugurik suv, birpasda oqib o`tdi-ketdi. Qaynota-qaynona qarib qoldi, ovsin esa o`g`illarini uylantirishga chog`landi. Ana shu vaqtga kelib, Munira va uning ikki qizi bu uyda ortiqcha odamga aylandi. Axir ular katta hovlining uchta xonasini egallab o`tirishibdi-ku!.. Katta kelinning turli diydiyolariyu gap so`zlari bir bo`lib, bo`yi etib qolgan ikki qizi bilan Munira qirq uch yoshida ota uyiga qaytib kelishga majbur bo`ldi. U o`n uch yil davomida mehnat qilib topganini oilasiga sarfladi. Shu bilan birim-ikki bo`ladi deb o`ylagandi, endi-chi hech narsasiz qolib o`tiribdi.
Mulohaza. Hammasi boshqacha bo`lishi ham mumkin edi. Munira o`n uch yil avval ota uyiga ketganida, balki turmushga chiqqan yoki ishlab topganiga uy olib, qizlarining kelajagiga poydevor yasagan bo`larmidi?!
Qaynota-qaynona, qaynakalarning bu tarzda ish tutishi noo`rin. Muniraning farzandlari qiz ekan, erta-indin ota o`rnida ota bo`lib uzatish aslida qaynakaning burchi emasmi? Axir shu norasidalarning ham ota hovlida yashashga haqqi bor-ku! Endi Munira qa`tiyatli bo`lib, akalaridan, yillar davomida qilgan xizmatlari evaziga qaynakasidan yordam so`rashga uyalmasligi kerak. Chunki ota uyida yashab ketishi ham oson masala emas. O`z boshpanasi bo`lsa, ko`ngli xotirjam yashaydi.
2-vaziyat: Mustaqil ayolning hayoti o`z qo`lida
Fazilat opa tabiatan fe`li tor ayol. Eri Botir aka o`zini ilmga bag`ishlagan, ro`zg`orning kam-ko`stini to`ldirish xotinlarning ishi, oilani pul bilan ta`minlash esa erkakning vazifasi, deb hisoblaydi. Er-xotin yolg`iz qizlarini uzatib, ikki o`g`illarini birin-ketin uylantirishdi. Kichik o`g`li otasiga o`xshagan olim bo`lishni xohlardi, ammo o`ttiz bir yoshni endi qoralaganida yurak xurujidan olamdan o`tdi. Endigina ikki yoshga to`lgan qizi bilan yigirma beshdan oshgan rafiqasi bo`zlab qolaverdi. Ota-onani esa judolik ado qildi. Kelin ketaman, demadi, unga ham hech kim bu haqda gap ochmadi. Bolasini bog`chaga berib, ishga tushib ketdi. O`zini ishiga bag`ishladi. Xizmat safarlari, karera qilish yo`lidagi xizmatlari evaziga bola bobo-buvining qaromog`ida qoldi. Fazilat opa keksayganda qayta kelin bo`ldi. Va biror qaror qabul qilish vaqti kelganini tushundi. O`zlari yashayotgan 5 xonali uyni sotib, keliniga ikki xonali uy olib berishdi. Qolgan puliga esa uch xonali uy olib, katta o`g`liga qo`shni bo`lishdi. Endi bundan keyin qanday yashash kelinning o`ziga bog`liq...
Mulohaza. O`limni tan olish, judolikka ko`nikish qiyin. Ammo hayot davom ettaveradi. Ushbu vaziyatda qaynota-qaynona to`g`ri ish tutgan. Ular kelinga alohida yashash uchun sharoit yaratish va qaror qabul qilishni o`ziga qo`yib berish bilan vazifalarini ado etishdi.
3-vaziyat: “Qizim, nikohga tayyorlaning!”
Odina qaynonasidan xafa, qaynotasining esa ko`ziga ko`rinishga ham yuragi betlamayapti. O`g`li xonaga kirib, bobosi chaqirayotganini aytdi. Yana o`sha gapmi?! Yosh bo`lsa, nima qilibdi? Ota-onasinikiga qaytib borolmasa, nima bo`pti? «Sizlarga ortiqchalik qilayapmizmi, malol keldikmi? O`g`lingiz tirik bo`lganida bormi?» dedi-yu, tilini tishladi. Qaynotasi indamadi, qaynonasi esa yig`ladi: «Bolam o`lsin, debmizmi biz? Nevaralarim etim, kelinim beva qolishini men istaganmidim? O`g`lim tirik bo`lganida, tilimni sug`urib olsa ham bu gapni aytmasdim!» Qaynotasi esa biroz ovozi titrab, ammo qat`iyat bilan gapirdi: «Xullas, to`ydan so`ng bir oycha bolalar biz bilan yashab turishadi, keyin ularni olib ketaverasan... Qizim, o`g`limning oldiga yorug` yuz bilan borishim kerak! Odina bilan bolalaring ishonchli qo`llarda, deb aytishim kerak-ku! Onang bilan tayyorgarligingni ko`r. Keyingi hafta nikoh o`qiladi...»
Mulohaza. Kelin ham oilaning bir a`zosi. Odinani qaynota-qaynona qiz o`rnida ko`rishadi. Shuning uchun ham uning baxtli yashab ketishidan umid qilishayapti. Bu o`rinda Odinaning ko`ngli, istaklarini ham inobatga olish kerak,. Shoshma-shosharlik bilan qaror chiqarish, kelinni majburan uzatish ham yaramaydi.
«Bizga ham oson tutmang, kelinlar…»
To`ti YuSUPOVA, O`zbekiston xalq artisti: — Onam yigirma to`rt yoshida beva qolib, qolgan umrini farzandlariga baxshida qilgan. Hozir onam hayotda nima ro`shnolik ko`rdi, deb ko`p o`ylayman. Nazarimda, beva ayol qirq-ellik yoshlarda bo`lsa, turmush qurish masalasini o`zi hal qilgani ma`qul. Ammo juda yosh bo`lsa, uni turmushga berish lozim. Ayol o`zini emas, avvalo farzandlariga yaxshi bo`lishini o`ylashi kerak. O`g`ilmi, qizmi, ota tarbiyasini olgani ma`qul. «Kelinga yaxshi bo`lsin deya, uzatdim» deyish oson, aslida bu yuragingni o`tdek yondiradi. Ammo nailoj? Oilaning kattalari maslahatlashib, etimni boshini silashga tayyor, e`tiqodli insonga beva ayolni ishonib topshirishi uyat ish emas.
Shariatda…
Eri vafot etgan ayol avvalgi turmushi ning hurmati sabab, shuningdek nasab aralashib ketmasligi uchun to`rt oy va o`n kun iddada o`tiradi. Bu haqda Baqara surasi 234, 235 oyatlarida zikr etilgan. Shuningdek, beva juvonga turmushga chiqish taklifi bildirilganda, u so`z bilan o`z roziligini bildirishi lozim ekan. Bu masalada ayoldan bemaslahat ish yuritib bo`lmaydi. Islom dinida farzandlariga umrini baxshida qilgan beva ayollar e`zozlanadi. Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men va eridan beva qolib, yuzi sarg`aygan, bolasiga sabr qilgan ayol, jannatda mana bundaymiz», deb barmoqlarini birlashtirib ko`rsatdilar».