Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Karen Gafurjanov 12 ta yangi qo‘shiq tayyorladi

Uzoq vaqt teleekranlarda ko‘rinmay qolgan Karen Gafurjanov yangi albom yaratdi. Bu vaqt oralig‘ida Karen Gafurjanov yana nima ishlar bilan band ekanligi ko‘pchilik muxlislarni qiziqtirishi tabiiy. Shu sababli “Daryo” nashri xonanda bilan uning ijodidagi yangiliklari va kelajak rejalari haqida suhbat qurdi.
Nima uchun oxirgi vaqtlarda televideniye va media sohasida kam ko‘rinyapsiz?
Sababi yangi kliplar olinmayotgandi. Muxlislarni qiziqtira oladigan loyihaning o‘zi yo‘q edi. Ochig‘i, yangi albom ustida uzoq vaqt ishladik va u hozirda deyarli tayyor holga keldi. Mustaqillik bayrami arafasida muxlislarimni yangi va qayta remiks qilib kuylangan qo‘shiqlar to‘plamim bilan xursand qilish niyatidaman.
Loyihalardagi uzoq tanaffus nimaga taqaldi: mablag‘gami yoki yaxshi shoirlar yo‘qmi?
Bilasizmi, hozir kimga qanaqa? Masalan, kimdir she’r va musiqaga e’tibor qilmasdan klip olib tashlamoqda. Hozirgi kunda bunday kliplar ko‘p. Yaxshi mahsulotlar, g‘oyaning o‘zi yo‘qligi menga xalaqit qilayotgandi. Biroq endi 1—2 ta qo‘shiqni tanlab, ularga klip olamiz va uni televideniyega beramiz.
Yoshingiz o‘tgani sari saviyaga e’tibor beryapsizmi?
Albatta, bu yoshda ishingizga va ijodingizga boshqacha nazar bilan qarashni boshlaysiz.
Uzoq vaqt ko‘rinmay qolishingiz reytingingizga ta’sir qilmaydimi?
Reytingga ta’siri bor. Bir vaqtlar bizning reyting juda baland edi. Ammo o‘sha vaqtda o‘zimni qanday tutgan bo‘lsam hozir ham o‘shandayman.
Pasayishdan keyin yana avvalgi darajaga qaytishingiz mumkinmi?
Muhimi bu emas, asosiysi muxlislar qalbidan joy olish.
Ijodingizda qanday yangiliklar bor va albomingiz qachon chiqadi?
Hozir 12 ta yangi qo‘shiq va 4 ta remiks yozdik. Bundan tashqari, yangi guruh bilan ishlayapman. Xudo xohlasa, shu yili kichikroq zalda yakkaxon konsert bermoqchiman. Yana to‘yga ham tayyorgarlik bor…
Yangi albomingizning qo‘shiqlari radioda berildimi?
Ha, 1—2 tasi berildi. Muxlislar yaxshi qabul qildi. Bu kabi qo‘shiqlar yomon bo‘lishi mumkin emas. Men ilhom kelib qolgandagina yozaman.
Qaysi shoirlar va bastakorlar bilan ishlaysiz?
Men Bobur Bobomurod bilan ko‘p ishlardim. Yana o‘zim ham she’r yozib turaman. To‘g‘ri, she’rlarni va musiqani professional shoir va bastakorlar yozishi kerak, deyishadi. Lekin musiqa haqida gapirsak, men hohlagan bastakor ishini ko‘rmadim. Bilasizmi, ba’zida muxlislarga yoqqan qo‘shiqni professional bastakor yozmagan bo‘lishi ham mumkin.
Qo‘shiq tayyor bo‘lganida uni xit bo‘lishiga qanchalik ishonasiz?
Ba’zida o‘zimga yoqmagan, ko‘nglim jiz etmagan ashula atrofdagilarga yoqishi mumkin. “Ne hayot” ashulamni yozganimda uning xit bo‘lishini aniq bilganman. Undan oldin yozgan “Azizim” nomli qo‘shig‘imni xit bo‘lishini uyimdagilar aytgan.
Hozirgi yoshlarni ijodini tinglaysizmi?
Harakat qilaman. Chunki ular qatorida mening ham shogirdlarim bor. Men Botir Zokirov, Yulduz Usmonova va “Yalla” ansamblining retro qo‘shiqlarini eshitaman. O‘zim bilan chiqqanlardan Dj Piligrim, Sevarani aytishim mumkin.
Ijoddan tashqari nimalar bilan shug‘ullanasiz?
Sportning og‘ir atletika va krossfit turi bilan shug‘ullanaman. Kitob o‘qishga albatta vaqt topaman.
Sevgi-muhabbatdan boshqa mavzuda qo‘shiq aytib ham mashhur bo‘lish mumkinmi?
Albatta, misol uchun Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘ini hozirgacha maza qilib eshitaman. Ona to‘g‘risida, gul to‘g‘risida kuylash mumkin. Mavzular ko‘p.
San’atda iqtidor birinchi o‘rindami yoki mablag‘?
Harakat. Mablag‘ingiz va iste’dodingiz bo‘lsa bu 30 foiz, qolgan 70 foizi esa harakatdir. O‘zbekistonda hozir har qanday sharoit bor. 2—3 ta musiqiy kanal bor. To‘xtamay harakat qilinsa, muvaffaqiyatga erishsa bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanasizmi? Ulardan qanday foyda bor?
Albatta, lekin men faqat Facebook’dan foydalanaman. “Odnoklassniki”, Instagram va Twitter’da yo‘qman. Ijtimoiy tarmoqlardan shou-biznes vakillari ko‘pincha reklama maqsadida foydalanmoqda.
Sizning www.karen.uz deb nomlangan saytingiz bor ekan. Nima uchun undagi yangiliklar 3 yildan beri yangilanmayapti?
O‘zi aslida bu ishga ma’murlar qarashi, jurnalistlarni ishga olishi, xabarlarni yangilab turishi kerak. Hozir yangi ma’mur qidiryapmiz. Tez orada saytni o‘zini ham zamonga moslab o‘zgartiramiz. Unga yangi kliplarimizni joylashtiramiz. San’atkorlar uchun sayt kerak.
Kun tartibingiz qanday?
Ertalab turgach ishga boraman. Art-menejer bo‘lib ishlayman. Kunduzgi soat 3 da ovoz yozish studiyasiga kelaman. Soat 6 gacha repetitsiya qilamiz. Keyin esa sportzalga boraman. Haftaning har seshanba kuni meni “Gorod” majmuasidan topishingiz mumkin.
“Tamannozi” ko‘rsatuvida boshlovchilik ham qilgan edingiz…
Qilgan edim… Hozir esa qilmayapman (kulib). Hozirgacha konsertlar va to‘ylarda boshlovchilik qilib turaman. Televideniyeda 2 ta loyihada chiqdim, kinolarga ham chaqirishdi.
Selfiga munosabatingiz qanday?
Biz tengi san’atkorlar suratlarni olib, Facebook va “Odnoklassniki”larga qo‘yib tashlamoqda (kulib). Kimdir buni kasallik demoqda, lekin men bu kasallikka shukrki chalinmadim. Menda fotosessiyalar ko‘p, jurnalistlar bilan uchrashuvda yana suratga olishadi. Shuning uchun ham selfiga muhtoj emasman.


Manba:daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 4745 | Комментарии: 3 | Рейтинг: 1| Рейтинг: yangi qo‘shiq, Karen Gafurjanov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 3
Bayko Voybo.kim o'zi bu birorta taniqli awulasi bormi o'zi.bunaqa awula4i borligini endi ewityapman
Like | 0
samiya Ким бу к,ушик,чиии
Like | 0
NaTaLi :) omad
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 16:40
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное