Jizzaxda fermer dalasidan egizak chaqaloqlar o‘lik holda topildi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanining “Manas” qishloq fuqarolar yig‘inidagi ochiq daladan egizak chaqaloqlar jasadi topildi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmatiga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi O‘.R. “Oqoltin ostonasi ko‘rki” fermer xo‘jaligi hududidagi beton ariq yonidan sumka ichida qora rangli polietilen paketga solingan egizak o‘g‘il chaqaloqlarni o‘lik holda topib olgan. Shundan so‘ng hudud profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisiga bu haqda ma’lum qilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, chaqaloqlar 20-21 haftalik, kam vaznli bo‘lib tug‘ilgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida chaqaloqlarning onasi topildi. Chaqaloqlarni 1998-yilda tug‘ilgan X.G. tug‘ib, tashlab ketgani aniqlandi. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Avvalroq Farg‘onada 20 yoshli qiz ko‘chadan chaqaloq topib olganini aytib IIBga murojaat qilgani, surishtiruv natijasida chaqaloqni uning o‘zi dunyoga keltirgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.