“Bojalar” guruhining yakkaxoni Jahongir Poziljonov ijodini xonandalik bilan boshlagan bo‘lsa-da, bugungi kunda uni aktyor, rejissyor va boshlovchi sifatida faoliyat yuritayoganiga guvohmiz. Bir zum ham ijoddan charchamaydigan ayni kunlarda navbatdagi yakkaxon konsert dasturiga tayyorlanayotgan xonanda bugun “Darakchi” mehmoni. Suhbat davomida anchadan buyon to‘planib qolgan savollarga javob topishga harakat qilamiz...
— Konsert dasturiga tayyorgarlik bilan band bo‘lishingizga qaramay, vaqt ajratganingizdan xursandmiz.
— Taklif uchun sizlarga ham rahmat. Suhbatimiz avvalida bir gapni aytib o‘tishni istardim. Bugun internet rivojlanib, san’atkor va muxlislarning “uchrashuvi” osonlashganbo‘lsa ham intervyu berishning o‘z gashti bor, deb o‘ylaman. Aynan, gazeta va televidenie orqali muxlislar bilan “ko‘rishish” biz san’atkorlar uchun zavq bag‘ishlaydi. Ammo bu intervyu olayotgan jurnalistlarning o‘ziga ham bog‘liq masala. O‘ylaymanki, bugungi suhbatdan hammamizning ko‘nglimiz to‘ladi.
Endi bugungi kundagi eng muammoli narsa bu vaqt masalasi. To‘g‘ri, bir zum ham tinmayapmiz. Sababi muxlislar kutayotgan konsert dasturini taqdim etishga astoydil harakat qilyapmiz.
— Bu yilgi konsertingiz reklamasiga alohida e’tibor berayotgandeksiz...
— Haqiqatdan ham bu gal reklamaga jiddiy qaradik. Bu konsert tashkilotchisi — “PROART” markazining harakatlari bilan amalga oshirilyapti. Bundan tashqari XXI asr, zamon talabiga amal qilmasdan iloj yo‘q. Lekin bo‘layotgan reklamalarga yarasha, ikki karra mas’uliyatli bo‘lish ham kerak.
— Yillar davomida yakkaxon konsert bergan xonanda bu yil “PROART” bilan hamkorlik qilishingizga nima sabab bo‘ldi?
— Buni — ijodimizdagi yana bir pog‘ona o‘sish, desak bo‘ladi. Qaysidir ma’noda “Bojalar” guruhi bitta zina yuqoriga chiqishga harakat qilyapti. Bundan tashqari, konsert kichik tadbir emas. Uni bilgan odam tashkillashtirganimaqsadga muvoffiqligini tushunib yetdim. Yillar davomida prodyuserlik markazlari tashkil etgan konsert dasturlarini kuzatib yurgandim. Ulardagi professionallik e’tiborimni tortdi. Shuning uchun ham o‘zim ularga murojaat etib, hamkorlik boshladik. Natijasiga biroz vaqtdan so‘ng baho berasiz...
— Televideniedagi ishingiz bilan shu qadar mashg‘ulsizki, konsertning repetisiyasiga vaqt ajrata olishingizni tasavvur etish qiyin...
— Inson hammasiga ulgursa bo‘ladi faqat buning uchun ishni to‘g‘ri taqsimlay olish kerak. Misol uchun, ayni kunlarda televideniedagi ishlardan ancha bo‘shaganman. Bir kuning o‘zida bir oylik ko‘rsatuvni tasvirga olib, efirga tayyorlab qo‘yganmiz.
— Nega unda ijodda sustsiz? Anchadan oydan buyon yangi qo‘shiqlarni eshitmayapmiz?
— Bu ijod qilmay qo‘ydik, degani emas. O‘tgan vaqt davomida yangi albom ustida ishlab, 15 ta qo‘shiqni tugatdik. Kuni kecha qo‘shiqlar to‘plami tayyor bo‘ldi. U yerdan o‘rin olgan “Sevmasang-sevma” qo‘shig‘i radiolarda premera qilinyapti. Oktabr oyi davomida barcha 15 ta qo‘shiqni taqdim etishni rejalashtiryapmiz.
— Televideniedagi faoliyatingizga ko‘pchilik tanqidiy fikr bildirmoqda...
— Teletomoshabinlarning har bir fikrini to‘g‘ri qabul qilaman. To‘g‘ri, ishonmasligingiz mumkin, lekin tanqidni yaxshi ko‘raman. Chunki tanqidxatolarimizni ko‘zgudek, o‘zimizga ko‘rsatib beradi. Kamchiliklarni esa doimiy ravishda to‘ldirib borishga harakat qilyapmiz.
Odamlar efirga uzatilayotgan hajviy ko‘rsatuvlar haqida ko‘p salbiy fikr bildirishyapti. Fursatdan foydalanib bir gapni alohida aytib o‘tsam degandim. Menimcha, san’atga qiziqqan har bir insonning iqtidorini namoyish etishga haqqi bor. Masalan, agar vaqtida rahmatli Mo‘min Oripov ikkimizga ustozimiz Tohir Sodiqov o‘z konsertida chiqish imkonini bermaganida, balkibiz bugun umuman sahnada bo‘lmasdik. Tohir akaning yakkaxon konsertida bor-yo‘g‘i bitta qo‘shiq kuyladik va bu bizga ko‘plab eshiklarni ochdi. Shuning uchun ham bugun ijod qilaman degan yoshlarga oz bo‘lsa ham vaqt ajratishga harakat qilyapman. Kimdir eplab ketadi, kim esa yo‘q. U yog‘i menga bog‘liq emas. Tanqidchi va tahlilchi tomoshabinning o‘zi, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib oladi.
— “Nega televidenieda, shevada gapirasiz?”, degan savolga, “kostyum-shim kiyib chiqayotganimga rahmat, deyishsin” degan javob berganingiz rostmi?
— (kulib) To‘g‘risi, bu gap meni hayron qoldirdi. Hatto juda kulgili.Men bunday demaganman va hech qachon demayman ham. Men birov uchun emas, o‘zim uchun harakat qilaman. Ya’ni gap-so‘zlar va kiyinish uslubim bu — sahnadagi obrazim.
— Qo‘shiqlaringizda ham Toshkent shevasida kuylashingizni qanday izohlaysiz?
— Aytyapman-ku, bu mening stilim. Ijodni boshlaganimizdayoq o‘zimizga shunday yo‘nalish yaratganmiz. Va tinglovchilar ham shu orqali bizni tanib, qo‘shiqlarimizni tinglashadi.
—Lekin tinglovchilar bugun sizdan jiddiy mavzudagi qo‘shiqlarni kutishmoqda.
— Bu haqida o‘zimga ham ko‘p murojaatlar bo‘ldi. Ularning takliflariga ko‘ra, yangi albomimizda bir qator mahzun kuylangan qo‘shiqlarimiz o‘rin olgan. Ota–ona, farzand, oqibat, hayot haqida kuylangan jiddiy mavzudagi qo‘shiqlarni maroq bilan tinglashlari mumkin.
— Yurtboshimiz ziyolilar bilan uchrashuvda bir qancha tanqidiy fikrlarini bildirdilar. Masalan, saviyasiz qo‘shiqlarga ishlangan yengil-elpi kliplar haqidagi fikrlardansiz ham qandaydir xulosa chiqardingizmi?
— Avvalabor, bizga bo‘layotgan e’tibordan xursand bo‘laman. Xalqning dardi, yurtimizni yanada rivojlantirish kabi jiddiy masalalar bilan bir qatorda, sohamizga bo‘layotgan e’tiborga loyiq bo‘lishga harakat qilamiz.Menga va boshqa hamkasblarimizga qaratilgan tanqidiy fikrlarini esa doim yodimizda tutib, ish davomida kamchiliklarni bartaraf etib borishga harakat qilyapmiz.
— Jahongir Poziljonovning jonli ijrodagi konsertiga qachon tashrif buyurishimiz mumkin?
— Bu juda jiddiy masala. Nazarimda eng avvalo har bir san’atkor bunga ruhan tayyor bo‘lishi kerak. Chunki omma yonida jonli ijroda kuylash ular sizdan kutgan narsani taqdim eta olish, oson ish emas. Lekin shunday bo‘lsa ham shaxsan o‘zim fonogramasiz ishlashga tayyorgarlikni boshladim. Nasib qilsa, keyingi yilgi konsertimda qo‘shiqlarimni jonli ijroda kuylayman.
— Ijod, ish bilan band bo‘lsangiz ham oilangizga doim vaqt ajratishga ulgurasiz, sizni mehribon ota deb ta’riflashadi.
— Albatta, ish o‘z yo‘liga, oilani ham yoddan chiqarmaslikka harakat qilamiz. Ishda erta bo‘shagan kunlarim oilamning yoniga oshiqaman. Bolalarim bilan vaqt o‘tkazib, ularni tinglash menga yoqadi.
— Intervyularingizning birida “Jahongir Poziljonov mahallasida, uyida, yaqinlarining oldida umuman boshqa insonga aylanadi” degan edingiz...
—BolalikdanAdriano Chelentanoning rollarini ko‘rib, unga havas qilganman. Shuning uchun sahnada ko‘proq unga taqlid qilishimni tan olaman. Uyda esa boshqa inson aylanishim haqiqat. Lekin hayotda ham haddan tashqari jiddiy inson emasman. Hazillashishni yoqtiraman (kulib).
— Hayotdagi jiddiylik balkifarzandlaringiz tarbiyasi bilan bog‘liq, o‘ziga yarasha bir tarbiya usuldir...
— Fikrimcha, har bir insonda o‘ziga yarasha jiddiylik bo‘ladi va bo‘lishi shart. Nafaqat, bola tarbiyasida, balki odamlar bilan munosabat ham o‘ziga yarasha chegara ushlash talab qiladi.
— Beshinchi marotaba ota bo‘ldingiz. Bu esa albatta, otalik mas’uliyatini yanada oshiradi...
— Dunyoda bola kabi totli mo‘’jiza bo‘lmasa kerak. Biz ham oilada beshta farzand bo‘lganmiz. Shu sababmi rafiqam ikkalamiz ota-onamiz kabi beshta bolani dunyoga keltirib, tarbiyalashni niyat qilgandik.
— O‘zingizdagi qaysi jihatlarni ularda bo‘lishini istamasdingiz?
— Qalbimda gina saqlaydigan odatim yo‘q. Yomon narsalarni tezda unutaman. Jahlim chiqqanda esa tez “yonib”, tezda “o‘chaman”. Farzandlarimda boshqa yaxshi fazilatlarim qatorida mana shu odatim ham bo‘lishini istardim. Chunki, jahl chiqsa ham, tezda o‘zini qo‘lga ol a bilish hayotda ko‘p yordam beradi. Shunda turli vaziyatlarni muammoga aylantirmasdan, oson yengib o‘tish mumkin deb o‘ylayman.
— Uch qiz, ikki o‘g‘lingiz bor. Ular tarbiyasida nimalarga e’tiborlisiz?
— Hamma narsa avval, oiladan boshlanadi. Bola uyda, yaqinlarining yonida o‘zini qanday tutsa, ko‘cha-kuyda ham shuni qaytaradi. Shuning uchun ham o‘zini tutishi, gap-so‘zlariga juda e’tiborliman. Bundan tashqari, maktabda a’lo bahorlarga o‘qishi kerakligini ko‘p ta’kidlab turaman. Vaqti-vaqti bilan albattakundalikdagi baholarini tekshiraman. Daftarlarini ko‘rib, o‘qigan narsalarini qayta so‘rashimni ham o‘zlari yaxshi bilishadi. Ota-ona va bolalar suhbati bolaga doim to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ijobiy ta’sir qiladi, deb hisoblayman.
— To‘ng‘ich qizingiz, tug‘ilgan kuningizga sovg‘a sifatida sizga atab qo‘shiq kuylabdi. Uniprofesional aranjirovka qilib, taqdim etishni rejalashtirayotganingiz rostmi?
— Shu yili tug‘ilgan kunimda qizim pianinoda menga atab qo‘shiq kuyladi. Uning bu sovg‘asidan juda ta’sirlandim. Menimcha, ota uchun farzandining har qanday sovg‘asi aziz, qadrli. Qizim Rayhon ijro etgan boshqa bir qo‘shiqni profesional ovozlashtirib, musiqiy bezaklar berdik. Lekin bu qo‘shiq omma e’tiboriga havola etilmaydi. Aslida nafaqat to‘ng‘ich qizim, ikkita o‘g‘lim ham xonandalikka qiziqib, kuylab turishadi. Ularning harakatlaridan faqat xursand bo‘laman.
— Vaqti kelib xonanda bo‘laman deyishsa, rozi bo‘lasizmi?
— Hozircha, o‘g‘illarim sportchi, qizim esa dizayner bo‘laman deydi. Ammo kelajakda qaysi kasbni tanlashmasin ularni doim qo‘llab-quvvatlayman.
— Farzandlaringizni kamolini ko‘rib yurishingizni tilaymiz. Suhbat uchun tashakkur.
“Bojalar” guruhi bu yilgi konsertida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov, Ulug‘bek Rahmatullaev, Rayhon G‘aniyev hamda “Million” va “Dizayn” jamoalari bilan duetlar kuylaydi.
Aliya SULAYMANOVA
suhbatlashdi