O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova “Istiqlol” san’at saroyida 23-26 aprel kunlari “Elimdan aylanay!” deb nomlangan yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. “Darakchi.uz” jamoasi 26 aprel kuni konsertda mehmon bo‘ldi. Konsert yuqori saviyada tashkil etilgan deyish mumkin. Undagi har bir sahna ko‘rinishi, qo‘shiq va raqslardan milliylik, Surxon elining urf-odatlari, an’analari va sodda, jaydari odamlarning hayot tarzi ufurib turdi. Konsert uch blokdan iborat bo‘ldi. Unda xonanda yangi, hali hech qaerda yangramagan taronalarni ijro etdi. Hosila Rahimovaning liboslari, sahna imiji ham yaxshi tanlangan. Konsertda xonandaning kuyovi, xonanda Bahriddin Zuhriddinov ham ishtirok etdi. Qaynona Hosila Rahimova Bahriddinni kuyovim deb emas, “Tobora yoshlarning sevimli san’atkoriga aylanib borayotgan xonanda Bahriddin Zuhriddinov” deya sahnaga chorladi. Bahriddin qaynonasini konsert dasturi bilan tabriklab, unga gul hadya etdi. Ular ijrosidagi yangi duet tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Ikkinchi blok yakunida qiziqchi Avaz Oxunning xazillariga tomoshabinlar miriqib kuldi. Hosila Rahimova konsert so‘ngida muxlsilardan qaysi qo‘shiqni ijro etishni so‘radi. Muxlislar “Opa”, “O‘tov”, “Qamchi bos” va “Kurash” kabi taronalarni so‘radi. Talablarga binoan, mazkur qo‘shiqlar birin-ketin ijro etildi. Opa-singillar haqidagi mahzun qo‘shiq “Opa” yangraganida, tomoshabinlar ko‘ziga yosh oldi. “Qamchi bos”, “Kurash” va “O‘tov” yangraganida esa hamma maza qilib raqsga tushdi. Xonandaning o‘zi buyurtma bilan qo‘shiq aytayotganini “konsert emas, to‘y bo‘lib ketdi” deya xazilomuz izohladi. Xonanda konsert so‘ngida tomoshabinlar yoniga borib, ular bilan birga raqsga tushdi. Hosila Rahimova bir necha marotaba muxlislar qurshovida qolib ketdi. Ba’zilar sevimli san’atkorining yonida imkon qadar ko‘proq bo‘lishni istab, uni qo‘yib yuborgisi kelmasa, boshqalar u bilan raqsga tushishni, birga qo‘shiq kuylashni istadi. Konsert bir so‘z bilan aytganda, a’lo darajada o‘tdi. Hosila Rahimova yuragida o‘ti bor, haqiqiy san’atkor ekanligini yana bir karra isbotladi. Darvoqe, xonanda dastur davomida 3 ta yangi libosda namoyon bo‘ladi. Ulardan birini yaratish uchun 4441 ta Svarovskiy toshlari ishlatilgan. Mazkur ko‘ylak 7 kilodan iborat.