Uzoq kutilgan serial “Mehmonxona”ni sentyabr oyida efirga berishni reja qilgan rejissyor Akrom Isoqov O`zbekiston boks federasiyasi va Rossiya, Qozog`iston, Amerika kinoijodkorlari hamkorligida boks hayotiga bag`ishlangan filmning tayyorgarlik ishlarini boshladi...
Film haqida: Yurtimizda sportga qaratilayotgan e`tibor, yoshlarning ham aqlan, ham jismonan etuk bo`lishga intilishi va albatta, olimpiada chempionlarining hayoti, faoliyati yoritiladi. Chempionlikkacha bo`lgan yo`ldagi to`siqlar, ularni engib o`tish, qisqasi bari real voqealarga asoslangan. Bosh rol ijrochisi - Olimpiada chempioni, turnirning eng yaxshi bokschisiga beriladigan Vel Barker kubogi sohibi Hasanboy Do`stmatov.
— Nega aynan boks mavzusidagi filmga qo`l urdingiz?
— Hozir ko`pgina yoshlardan Muhammadqodir Abdullaev kimligini so`rasangiz, “Kim u?” degan javobni olasiz. Vaholanki, bu sportchi – birinchi olimpiada chempioni! Vaqtida u haqida etarlicha filmlar qilinmagan. Aytmoqchi bo`lganim, film qilishga arzigulik zamonamiz qahramonlari ko`p, lekin negadir e`tiborsiz qolib ketaveradi. Shu bois olimpiada chempionlarining mashaqqatli mehnatlarini film orqali tarixga muhrlamoqchiman.
Bilasizmi?
- Filmda bosh rollarni Karim Mirxodiev, Behzod Muhammadkarimov, Farhod Mahmudov, Javohir Zokirov, Hasanboy Do`smatov, Shahram G`iyosov kabi ko`plab professional o`zbek va xorij aktyorlar va sport ustalarini ko`rishingiz mumkin.
- Filmning ishchi nomi “Chempion”.
O`ziga xos dalillar:
- Ssenariy O`zbekiston va Rossiya kinoijodkorlari hamkorligida yozilyapti.
- Suratga olish ishlari kuzda boshlanadi.
- Suratga olish ishlari 1 yil davom etadi.
- Suratga olishning 50 foizi O`zbekiston va 50 foizi xorijda o`tadi.
- Professional aktyorlar 3 oy davomida boks murabbiyidan dars oladi.
- Premera 2018 yil yakunida.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi