Samarqandlik 6 yoshli shaxmatchi O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
Final bosqichi Toshkentda o‘tkazilgan, 8 yoshga bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida samarqandlik Akobirxon Saydaliev chempion bo‘ldi.
Bu musobaqada ishtirok etgan 32 nafar o‘g‘il boladan faqatgina ikki nafar bola maksimal 9 ochkodan 8 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. 24 nafar qizdan Samarqandning yana bir vakilasi, Ruxshona Rahimberdiyev maksimal 9 ochkodan 7 ochko yig‘ib, 2-o‘rinni egalladi.
“Akobirxon hali 6 yoshga ham to‘lmagan. Markazimizda u bor-yo‘g‘i yarim yildan sal ko‘proq vaqtdan beri shug‘ullanmoqda. Ushbu g‘alaba bu qobiliyatli bolakayning birinchi g‘alabasi emas, u viloyat, respublika va xalqaro musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Biroq bu chempionatda u uch nafar kuchli raqibini – maktab o‘quvchilari orasida Osiyo chempioni, O‘zbekiston chempioni va ikki karra jahon chempionini yutishga muvaffaq bo‘ldi. Akobirxon hal qiluvchi vaziyatlarda o‘z figuralarini ayamagan holda juda chiroyli, kombinasion yurishlarni amalga oshirdi”, deb aytib o‘tdi Xalqaro shaxmat federatsiyasining Samarqand filiali murabbiyi P.Vohidov.
Akobirxon bu musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, joriy yilning may oyidan noyabr oyigacha Tailand, Singapur, Janubiy Koreya va Gresiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon va Osiyo chempionatlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.