Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni bir nechta qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishgandi. Ular orasida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida quriladigan Olimpiya shaharchasi ham bor.
Ma’lumki, Osiyo Olimpiya kengashining qaroriga ko‘ra, 2025-yilda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Bunday nufuzli xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba o‘tkaziladi. Davlat rahbari bu mamlakatga ko‘rsatilgan katta ishonch ekanini, ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlagan edi.
Shu maqsadda 160 gektar maydonda Olimpiya shaharchasi qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur shaharchada universal stadion, ochiq va yopiq sport majmualari, yotoqxona, mehmonxona, Chirchiq daryosida eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Bu infratuzilma yirik musobaqalar o‘tkazish va bo‘lajak Olimpiya zaxiralari instituti uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘ladi.
“O‘zbekiston 24” telekanali reportajida prezidentga taqdim etilgan ushbu loyiha suratlari namoyish etildi.
Telekanalga intervyu bergan Mimar Group bosh arxitektori Shukurullo Jahongirovning ma’lum qilishicha, prezident Olimpiya zaxiralari instituti va uning yotoqxonasini qurish, ishlarni sifatli va jadal olib borilishini ta’minlash hamda binolarni tejamkor qilib qurish bo‘yicha topshiriq bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Arup kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, modulli fasadlar sistemasini taklif qilgan. “Bu bizning milliy naqshlardan olgan holda hozirgi kunda trendda bo‘lgan modul tizimidir. Ya’ni har bir fasad elementlari zavoddan tayyor holda chiqarilib, quruvchilarga tayyor holda keladi. Buning natijasida, birinchidan, tejamkorlik, ikkinchidan, tezlik oshadi, uchinchidan, iqtisodiy tejamkorlik bo‘ladi”, — degan Shukurullo Jahongirov.