Florida sohillariga 10 yil ichidagi eng kuchli to‘fon yaqinlashmoqda
AQSh sohillari tomon “Erika” deb nomlangan to‘fon harakatlanmoqda. To‘fon 31 avgust, dushanba kuni Florida sohillariga yetib keladi. Shu munosabat bilan Florida shtatida favqulodda holat e’lon qilindi.
Shtat gubernatori Rik Skottning buyrug‘i bilan tabiiy ofat bilan kurashish uchun AQSh milliy gravdiyasi tayyorgarlik holatiga keltirildi. Joylardagi hokimiyatlarga to‘fon girdobida qolishi mumkin bo‘lgan hududlarga qutqaruvchilarning borishlari uchun zarur choralarni ko‘rish huquqi berildi.
Qayd etish joizki, to‘fon 28 avgust kuni Puerto-Rikodan o‘tdi. U o‘zi bilan birga rekord darajadagi yog‘ingarchilik olib keldi. Ma’lum qilinishicha, mamlakatda yer ko‘chishi va qattiq shamol tufayli kamida 4 kishi halok bo‘lgan.
Ob-havo mutaxassislarining baholashlaricha, “Erika” harakati traektoriyasi shtatning qoq o‘rtasidan o‘tadi. Ayni paytda meteorologlar to‘fon ichidagi shamol soatiga 80 km tezlik bilan harakatlanayotganini qayd qilishdi.
“Erika” xalqaro tasniflash bo‘yicha Florida sohillariga yetib kelguniga qadar tropik bo‘ronga aylanishga ulguradi. To‘fon paytida odamlarga shamoldan ko‘ra ko‘proq kuchli yog‘ingarchilik xavf solishi aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Florida sohillariga 10 yildan beri bunday kuchli to‘fon kelib urilmagan.