Farg‘onada mashinada yo‘l berishini so‘ragan 20 yoshli yigit pichoqlandi
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 1-yanvar kuni ikki guruh o‘rtasidagi janjalda 20 yoshli yigit halok bo‘ldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, holat shu kuni soat 03:30 atrofida shaharning Qo‘rg‘ontagi ko‘chasida sodir bo‘lgan. K.K. (2002-yilda tug‘ilgan) ismli fuqaro to‘rt nafar tanishi bilan M.N. boshqaruvidagi Cobalt avtomobilida M.N.ning uyiga harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Ko‘cha boshida harakatsiz turgan Gentra va Nexia-3 avtomobillarini ko‘rib, uning oldida turgan M.A. (1999-yilda tug‘ilgan) va uning sheriklaridan yo‘l berishini so‘ragan.
Orada og‘zaki janjal chiqqan va bahs davomida M.A. yonida bo‘lgan pichoq bilan K.K.ning ko‘krak sohasiga bir marta urgan va sheriklari bilan hodisa joyidan qochib ketgan. Oqibatda olgan tan jarohatlari tufayli K.K. vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.A. protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.