Diqqat! Energetika vazirligi 5 ta hududda “svet” o‘chishidan ogohlantirdi
Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida, hatto poytaxtning ayrim tumanlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin. Energetika vazirligi shunday ogohlantirish bilan chiqdi.
Energetika vazirligi mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, havoning, jumladan, elektr uzatish liniyalarining mayda chang zarralari bilan ifloslanishi, shuningdek, O‘zgidromet markazining ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda oylik yog‘ingarchilik hajmining 70-90 foiziga teng yomg‘ir yog‘ishi sabab elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Buning sababi shundaki, elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlari qurilmalarida cho‘kkan chang va loy hamda kuchli yog‘ingarchilik elektr qurilmalarida nosozliklarni keltirib chiqarib, elektr energiyasini uzatishda texnik muammolarga olib keladi.
Xususan, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrining ayrim hududlarining elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
“Hozirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida joylarda maxsus brigadalar shay holatga keltirilgan.
Shu o‘rinda iste’molchilardan elektr ta’minoti masalalari bo‘yicha hududiy elektr ta’minoti korxonalariga xabar berishlarini so‘raymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.