Toshkent shahri, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy sudida Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan fuqaro – Abror Abduazimovga nisbatan jurnalist Nikita Makarenkoning bergan arizasi yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Makarenko o‘zining Telegram'dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men o‘z arizamda menga nisbatan ishonchsiz, tuhmat va haqoratomuz xabarlar tarqatilishi yuzasidan chora ko‘rishni so‘radim”, deb yozadi Makarenko.
Ma’lum qilinishicha, sudya ishni har tomonlama ko‘rib chiqib, fuqaro Abror Abduazimovni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan holda shaxs qadr-qimmatini yoki uning obro‘sini kamsitishga olib keladigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda aybdor deb topgan. Fuqaro Abduazimov ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Makarenkoning so‘zlariga ko‘ra, sudya haqoratli so‘zlar mavjudligi sababli ishni jinoyat ishi tarkibiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirmagan.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, sud Abror Muxtor Aliyga nisbatan BHMning 20 baravari (6 mln so‘m) miqdorida jarima belgilagan.