Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Dilnoza Kubayeva – soyabon ko‘tarmagan ayol
U kino va teatrdagi bir qator rollari bilan  tomoshabinlar qalbidan joy olgan aktrisa. Quvnoq, samimiy va hamisha kulib turadi. Kezi kelganda shaddod, lozim topsa, jiddiy ham bo‘loladi. O‘zim uchun kashf qilolganim esa o‘zidan kimnidir yasaymadi. His etganini aytadi, xolos. Ehtimol shunisi bilan ham u Dilnoza KUBAYEVAdir. 
–  Intervyu vaqtini kelishish uchun qo‘ng‘iroq qilganimda «Maqtangulik yangiliklarim yo‘q», dedingiz. Rost, bugun avvalgidan kamnamosiz?
–  Yaxshi ssenariylarni kutayapman. Vaqt masalasida hamisha rejaliman. Barchasiga ulgurishga harakat qilaman. Ammo qani o‘sha ijro etishga arzirli rol?! Juda baland talablarim yo‘q. Kasbiy nuqtai nazarimdan kelib chiqib yondashaman, xolos. Agar professionallik tarafidan javob beradigan ssenariy, yaxshi ijodiy jamoa bo‘lsa, jon deb filmda ishtirok etaman. O‘zimga bog‘liq bo‘lmagan taraflari ham bor. 
–  Topshirilgan rolga kirishishingiz osonmi?
–  Har doim har xil. Ba’zan hayotda kam uchraydigan obrazlar beriladi, ba’zida yetti uxlab tushimga kirmaganlarini olaman. Notanish xarakterli obrazni ko‘rganimda qo‘rquv bosadi. Qahramonimni tushunib olgunimcha «ishtaham bo‘lmaydi». Tomoshabinni ishontirolamanmi,  vazifani uddalay olarmikanman degan vahima paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, sizga topshirilgan rolni o‘zingiz maromiga yetkazishingiz kerak. Ammo jamoa uni qo‘llab-quvvatlamasa, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmasa, bir kishi hech nima qilolmaydi. Shunga ham yuqorida yaxshi ijodiy jamoa haqida so‘z ochdim. Haqiqatan ham atrofingizda o‘z ishining ustalari bo‘lsa, ish jarayonida qo‘rquv tarqab ketadi. 
–  Ishdagi qo‘rqoqlikni yengolarkansiz, hayotdagisini-chi? 
–  Hayotda qo‘rqoq emasman! Mutlaqo! Chunki bu mening hayotim, birovniki emas. Lekin kinoda, sahnada kimningdir hayotini gavdalantiraman. O‘sha kimdir uchun javobgarlikni olaman yelkamga. Shunisi xavotirga soladi. Shukrki, onamning duolari, ustozlarimning pand-nasihatlari mushkul vaziyatlarda yordam beradi. 
–  Kuyinib gapirayapsiz-u, biroq ijro etgan rollaringizning hammasi ham omadli chiqqan deyolmaymiz.  
–  Rolning qanday chiqishi faqat aktyor-aktrisalarga bog‘liq bo‘lvermaydi. Ko‘p narsa rejissyorga borib taqaladi. «Yaxshi chiqmagan rollaringiz», deyapsiz. Har birini tahlil qilib, asoslab berishim mumkin. Xatolarimni bilaman. Chunki o‘zimga nisbatan juda talabchanman, tanqid qilaveraman. Shu o‘rinda bir narsani ham inobatga olaylik-da, har doim ham «zo‘r» bo‘lolmaymiz.  
–  «Kelgindi kelin», «Telba», «Kechikkan hayot» — bu filmlardagi rollaringiz haqiqatan ham «gapiradi».
–  Siz tomoshabinsiz, men rol ijrochisi. Har bir tomoshabinning didi har xil. Masalan, menga yoqadigan boshqa rollarim ham bor. Shunaqa yaxshi ssenariylar keladi, rolingga kirishib, qorishib ketasan. O‘zingdan ortiqcha narsa qo‘shishing ham shart emas. Gohida esa qo‘lingizga tutqazgan ssenariyning chala joylarini ko‘rasiz, rolning mukammal emasligi yoki mantiqan to‘g‘ri emasligi ranjitadi. Ana shundaylarini yuzaga chiqarish qiyin. Ammo buni biz bilamiz. Tomoshabin esa premeradan so‘ng aytadi fikrini.
–  Komediya va drama. Har ikkisida ham o‘z ijro uslubingiz bor. Lekin ularning qay biri sizni «yonib» ijod qilishga undaydi?
–  Har ikkisida ham maroq bilan ishlayman, agar «material» shunga yarasha bo‘lsa. Yig‘laydigan sahnada mantiq, ma’no bo‘lmasa, qahramoningizni yig‘latishdan nima naf? O‘z o‘rnida bu kuldirishga ham taalluqli. Muhimi, har qaysi yo‘nalishda ham hayot bo‘lishi kerak. Oxirgi suratga tushgan filmimda chindan ham «yondim». Bu rol meni yondiroldi. 
–  Murod Muhammad Do‘st ssenariysi asosida suratga olingan «Ko‘rgim keladi» filmini nazarda tutayapsizmi? Qahramoningiz xonanda, ruhan kuchli ayol. 
–  Haqsiz. Ziyoda juda matonatli,  kuchli ayol.
–  O‘zingiz uchun undan nimalarni o‘rgandingiz?
–  Ziyoda bilan o‘xshashliklarimiz bor. Ikkimizni sabr birlashtirib turadi. Hayotning o‘zi sizni toblarkan, chiniqtirarkan. Bilmay qolarkansiz. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishganida, anglay olishga ulgurish kerak ekan. Bilasizmi, shu filmni tomosha qilganda xursand bo‘lib ketaman. Bu rolim bilan faxrlanaman. 
–  Xarakteringizga yaqin kelgan rol uchrabdi, hayotingiz, taqdiringizga yaqinlashgani bo‘ldimi ular orasida?
–  Yo‘q. Unaqasi bo‘lmagan.
–  Ijodda muvafaqqiyatga erishishdan ko‘ra uni ushlab turish qiyinroq, deyishadi.
–  Juda qiyin. Odamlar og‘ziga tushganimdan so‘ng mashhurlik onlarini sezganman. Jindek qo‘rqqanman o‘shanda. Birgina noto‘g‘ri tashlangan qadam meni qulatadi. Men zinadan yuqoriga ko‘tarilishim kerak, derdim. Uddalay olarmikanman? Xavfsiraganman. «Kelgindi kelin»dan keyin «Telba» zinaning navbatdagi pog‘onasiga ko‘tarilishimga yordam berdi. Muvaffaqiyatni ushlab qolish faqat rol bilan o‘lchanmaydi. Odamlar, hamkasblar, qo‘yingki, mahalla-ko‘y oldidagi muomalang, yurish-turishing, axloq-odobingga ham bog‘liq. 
–  Hamon teatrda ijod qilayotganingiz quvonarli. Charli Chaplin so‘zi bilan aytganda «Teatrda tarbiyalangan aktyor-aktrisalarning qanoti bo‘ladi va ular ucha olishadi». Siz ham uchasizmi?
–  To‘g‘ri, bizning qanotimiz bor! Sahnada uchamiz! Men ham uchaman! Biror-bir spektalga tayyorgarlik ko‘rish uchun qancha mashaqqatlardan o‘tamiz. Sahnaga chiqib, tomoshabin bilan yuz ko‘rishganimizdan so‘ng barcha charchoqlar unutiladi. Parda ko‘tarildimi, tamom, mutlaqo boshqa hayot boshlanadi. O‘zingni unutadigan, uchadigan lahzalarni beradi bu sahna.  Rol ijro etayotib, zaldagi tomoshabinning bilinar-bilinmas yig‘isi, yoki shodon kulgusini eshitsang, maza qilasan. Demak, aloqa bog‘landi. Ana shunday paytlari qanoting paydo bo‘ladi. Buni tushuntirish qiyin, his etish kerak. Teatrni mahkam tutganman, qo‘yvormayman ham. Ustozim Munavvara Abdullayevaning «Teatrdan hech qachon ketish kerak emas» degan so‘zlarini o‘zim uchun shior qilib olganman. Ijodkorning muqim ish joyi bo‘lishi lozim. Bu yerdagi ishim bilan kinoga ham ulguraman. Biri biriga xalaqit bermaydi. 
–  «Ogoh bo‘ling, odamlar» spektalidagi qahramoningiz vaziyat qurboniga aylangan, g‘aliz niyatli kishilar tomonidan aldangan ayol. Ammo eri uni kechiradi. Real hayotda ham shunday mardlar bormikan?
–  Siz ishonmaysizmi, mard erkaklar oz bo‘lsa ham borligiga?
–  Bilmasam...
–  Men ishonaman! Balki shunaqa bo‘lishini hohlasam kerak. Yo‘q, menimcha bor. Biz mo‘’jizalar qilamiz, fidoiylik ko‘rsatamiz oilamiz, farzandlarimiz uchun. Erkaklar orasida ham shundaylari bor. Faqat ularni ko‘ra olish kerak. Spektakldagi erkak obrazi ham hayotdan olingan. 
–  Siz kabi men ham o‘g‘il farzand tarbiyalayapman. Kichikligidan sabrli, irodali bo‘l. Mard bo‘l, zinhor ayollarni haqorat qilma, deyman-u, keyin o‘ylanib qolaman, ayolligimdan kelib chiqib aytmayapmanmikan?
–  Menimcha, halol-harom, birovning haqi yoki ayollarga nisbatan hurmat haqidagi tarbiyamiz ayollik manfaatimizga kirmaydi. O‘g‘lim Muhammadaminga «Ayollarni yig‘latish kerak emas, haqorat qilib bo‘lmaydi. Sen erkaksan, kuchli bo‘lishing kerak», deb ko‘p gapiraman. Kichikligidan eshitganlari xotirasida muhrlanib qolishini istayman. Ulg‘aygach, men kabi «Onam shunday derdi», desin, har so‘zida, har qadamida eslasin. 
–  Abdulla Qodiriyni yig‘latgan «Kumush»ni his etoldingizmi? «O‘tgan kunlar» spektaklidagi rolingizni nazarda tutayapman. 
–  Qachon his qildim aytaymi? Mirzakarim Qutidor kuyoviga «uylanasiz» degan sahnasida, Kumush ikkisining suhbatini eshitib, sekin xonadan chiqadi-da «Men rozi, men ko‘ndim», deydi. Ana shu epizodda Kumushga qo‘shilib yig‘layman. Kumushni kuchliroq his qilaman. Qarang, muhabbat kuchini. Rolimning mas’uliyati juda katta. Yuki ham og‘ir. Uni maromiga yetkazib ijro etish uchun o‘z ustimda hali ko‘p ishlashim kerak. 
–  Spektakl tugagach, roldan chiqa olish, yana oddiy Dilnoza aylanish qanday kechadi?
–  Bir odatim bor, his-tuyg‘ularimni yashiraman. Nega shunday, ochig‘i, o‘zimga ham ayon emas. Boshimda og‘riq turadi, yuragimni bir narsa o‘rab oladi. Balki shu holatlar bilan ularni tashqariga chiqarib yuborolmasman. Spektakl tugagach, tomoshabin olqishiga tabassum ulashaman. Biroq rolim ta’sirida yuzaga kelgan hislar boshimda og‘riq, yuragimda bezovtalik paydo qiladi. Bildirmayman, hatto yaqinlarimga ham. Bu holat bir-ikki kunda o‘tib ketadi. Kumushning zahar ichadigan sahnasini ijro etib, jonim og‘riydi. «Nima uchun bunday bo‘ladi?» deb kuyinib ketaman. Lekin buni o‘zim bilaman xolos, o‘zgalarga bildirmayman.
–  Hissiyotlaringiz oshkor etishga nima to‘sqinlik qiladi?
–  Xarakter bo‘lsa kerak? Yana bilmadim...
–  Bilasizmi, ba’zan hayotimni chetdan kuzatgim keladi. Oddiy tomoshabin sifatida.
–  Menda ham shunday istak bor. Hayotimni chetdan ko‘rgim keladi. Odamlar orasida qandayman,  meni qanday timsolda ko‘rishadi? Bilgim keladi. Ko‘pincha volidamdan so‘rayman: «Mana, shu vaziyatda nima deyisharkan men haqimda?» Onam qanday javob bersa ham, albatta, to‘g‘ri xulosa chiqaraman, xolis qarayman. 
–  Oskar marosimini kuzatib borasizmi?
–  Ko‘pincha xulosasini eshitaman.
–  Meni esa taqdirlanganlarning sahnadagi nutq so‘zi hayajonga soladi: «Bu onlarni bir umr kutgandim!» Menimcha, har birimizning hayotimizda ana shunday kutilgan, sog‘ingan lahzalarimiz bo‘lishi kerak.
–  Haqsiz. Intilib, kutib, sog‘inib yashamasang, hayotning nima ma’nosi qoladi? Oddiy kunga ko‘nikib yashayversang, undan ortig‘ini ololmaysan. Inson niyati bilan ularni chaqiradi. Ba’zan o‘zimiz sehrgarga aylanamiz. Menda shunday bo‘ladi. Xayolan niyatimni chizaman. Sekin-asta so‘raganim amalga oshadi. «Oson ekan-u, shuni oldinroq qilsam bo‘lmasmidi?» deb qolaman. Sog‘inayotgan damlarimizni shunchaki kutmaylik, so‘rab olaylik, tezroq kelsin. 
–  Fikrlar moddiylashishiga ishonar ekansiz.
–  Chunki ular hayotga ko‘chadi-da. Yaratgan har birimizning qalbimizni eshitadi. Nimaga yaxshi narsalarni, yorug‘ kunlarni so‘rashimiz kerak emas?! 
–  Ayni damda nimalarni sog‘inayapsiz?
–  Yaxshi kinoni sog‘inayapman. Yangilik qilib odamlarni yana hayron qoldirish, xursand qilishni juda sog‘inganman. Har doim noodatiy kunlarni sog‘inib yashaymiz. Sog‘inganim ijod!
–  Farzandingiz bilan suhbatlashasizmi? Orzulari, o‘y-fikrlari haqida.  
–  (kulib) Soatlab gaplashaman. Uning beg‘ubor qarashi, o‘ziga xos olami, kashfiyotlari – bariga chanqoqman. Hammasini bilgim keladi. Qanday ulg‘ayyapti, nimalarni istayapti. Aytayotganlarimni o‘zlashtirayaptimi, ko‘cha-ko‘yda qanday, sekin-asta gapga solib, so‘rab olaman. Hozirdan «Sen kelajakda shifokor bo‘lasan, eng olijanob inson bo‘lasan. Odamlarning dilini ham, xastaligini ham davolaysan», deyman. «Qabulingga moddiy tarafdan nochorroq bemor kelsa, qanday yo‘l tutasan?» deb so‘rab qo‘yaman. Kutgan javobimni eshitib, «Shukr to‘g‘ri tarbiya berayotgan ekanman», deb quvonaman. 
–  Shifokor bo‘lishga o‘zi rozimi? 
–  «Balki boshqa kasbga qiziqayotgandirsan?» desam, «Yo‘q, oyijon, shikofor ham bo‘laman, futbol ham o‘ynab turaman», deydi bolalarcha. O‘g‘limni majburlamayman. Oilamizda majburan kasbga yo‘naltirish bo‘lganida, bugun men san’atkor bo‘lmasdim. 
–  Hamisha kulib turasiz. Tabassumingiz ortida nima yashiringan?
–  Tabiatan shunaqaman. O‘zimni majburlab kulmayman. Axir tabassumni uzoq vaqt ushlab turib bo‘lmaydi-ku. Atrofingdagilarga kulib boqish uchun ham kuch topa bilish kerak. Kimgadir moddiy taraflama yordam berolmasman, ammo tabassum bilan kayfiyat ulasholsam baxtiyorman. 
–  Kulib turgan insonning qalbi yig‘lasa ham bildirmaydi. 
–  Ba’zan shunaqa kunlarim ham  bo‘ldi, kulolmay qoldim. Dardim yengdi tabassumimni. Yaratganga shukr, sinovlarga bardoshli bo‘lsangiz, yorug‘ kunlarga yetishar ekansiz. Yaxshi kunlarga erishish uchun yomon kunlarni yashab o‘tish kerak. Odamlar faqat yaxshi kunlarni istashadi. Agar hammasi yaxshi bo‘laversa, ko‘tarolmay qolamiz. Quturib ketishimiz mumkin. Yoki gapim noto‘g‘rimi?! Shu kunlarga yetganimga ham shukr qilaman, hech qachon «Nega bunday bo‘ldi?» demayman. Qiyinchiliklarni, muammolarni  yengsam, qalbimda chechaklar barq urib ochilishiga ishonaman. Xudoyim oson hayotni berishi mumkin, lekin chiroyli kelajakdan siqib qo‘yishi hech gap emas. Mashaqqat bilan zinama-zina ko‘tarilish qadrliroq bo‘ladi.  Men shuni istayman. 
–  Maqsadingiz aniq, o‘zingizga ishonchingiz kuchli. Hamisha shunday bo‘ling. Istardimki, keyingi suhbatlarda ham bugungidek kayfiyat sizni tark etmasin. 
–  Tashakkur! Barchamizning niyatlarimiz ijobat bo‘lsin! 
–  Yomg‘irda sayr qilishni yoqtirasizmi?
–  Juda ham! Romantikman! Maydalab yomg‘ir yog‘ib tursa, yer hidi dimog‘ingizga urilsa... Jimjitlik bo‘ladi yomg‘ir yoqqanida. Ana shu damlarni yoqtiraman. 
–  Soyabon tutib sayr qilasizmi yoki aksincha?
–  Soyabonsiz! Yomg‘ir tomchisi yuz-ko‘zimga tegishini xohlayman. 
–  Bejiz so‘ramadim. Soyabonda sayr qilishni yoqtiraman deganlar ko‘pincha  himoyada bo‘lishni istasharkan. Siz kabi javob esa qiyinchiliklarni o‘zim yengaman, deganlarniki.
–  Psixologik so‘rov ekan-da (kulib). «Bugun yomg‘ir yog‘masin-da» deganlarni ko‘rsam, hayron qolaman. Qanaqa qilib uni yoqtirmaslik mumkin, yomg‘irni-ya... Axir dilimizdagi g‘uborlarni yuvib ketadi-ku. 
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 5337 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Dilnoza Kubayeva
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 12:59
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное