Puerto-rikolik xonanda Luis Fonsi hamda reper Deddi Yanki ijrosidagi Despacito qo‘shig‘iga olingan klip YouTube videoxostingida 3 milliard martadan ortiq ko‘rilib, sayt tarixida ko‘p tomosha qilingan videoga aylandi.
Despacito klipi o‘tgan oyda reper Wiz Khalifa va qo‘shiqchi Charlie Puthning birgalikda ishlagan “See you again” nomli klipi o‘rnatgan rekordni yangiladi. Ayni vaqtda Despacito videosi o‘zidan oldingi yetakchidan 3 million marta ko‘p tomosha qilingan.
O‘z navbatida “See you again” YouTube’da ikki hafta davomida eng mashhur video bo‘lib turdi va koreyalik qo‘shiqchi PSY’ning to‘rt yildan ortiq vaqt davomida birinchilikni egallab turgan “Gangnam Style” klipini ortda qoldirdi.
Despacito qo‘shig‘i Billboard Hot 100 musiqiy jadvalida 12 haftdan beri birinchilikni egallab kelmoqda. Avvalroq, ushbu qo‘shiq internetda eng ko‘p eshitilgani haqida ma’lum qilingandi: internet tarmog‘i foydalanuvchilari iyul o‘rtalariga qadar uni 4,6 milliard marta tinglashgan.